Toshkent shahar hokimligi vakili Elmira Bositxonovadan uzr so‘radi

Toshkent shahar hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan “jinoyatga moyil 23 toifa ayollar” haqidagi muhokamalar yuzasidan izoh berdi.

“Toshkent shahar hokimligining internet sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilingan “Tuman hokimliklari huzurida “Tezkor shtab” tuzildi” maqolasi ayrim blogerlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingani jamoatchilik orasida tushunmovchilik yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.

Mazkur maqolada so‘z yuritilgan dastur aslida og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga, yordamga muhtoj, ko‘makni tashqaridan izlayotgan va umidsizlikka tushgan xotin-qizlarning muammolarini aniq, manzilli o‘rganib, ularni yechishga qaratilgan.

Toshkent shahar hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi hurmatli OAV vakillari va blogerlardan axborot tarqatishda ma’lumotlarni to‘g‘ri talqin qilishlarini iltimos qiladi. Shuningdek, biror bir voqelik yuzasidan atroflicha ma’lumot kerak bo‘lsa, siz bilan har doim muloqotga kirishishga va aniq axborot berishga tayyor.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilbar Najmutdinova yuqorida keltirilgan maqola sabab jamoatchilik orasida yuzaga kelgan noxush vaziyat uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovadan uzr so‘raydi”, deyiladi hokimlik izohida.

Eslatib o‘tamiz, ilgariroq Toshkent shahar IIB hamda Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida jinoyatga moyil ayollar 23 ta toifasi tuzilgan edi. Bu ro‘yxat kuni kecha internet olamida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi.