Toshkent shahrida koronavirus bilan kasallanganlar bo‘yicha to‘liq ma’lumot taqdim etildi

AOKA huzuridagi shtabda Davlat bosh sanitariya vrachi Bahrom Almatov ishtirokida o‘tkazilgan brifingdan Toshkent shahrida koronavirus bilan kasallanganlar bo‘yicha to‘liq ma’lumot taqdim etildi. Unga ko‘ra,

— 52 nafari uy bekasi,

— 20 nafari maktab o‘quvchisi,

— 12 nafari uyushmagan yoshlar vakili,

— 20 nafari ishsiz hisoblanadi.

Qayd qilingan bemorlarning ijtimoiy kelib chiqishi, kasbi, yoshi, hayot tarzi, ular bilan muloqotda bo‘lganlarning faoliyatini ham chuqur o‘rgangan holda tahlil qilib boryapmiz.

Kasallikning qay darajada yuqishi, qaysi moyil kontengentlar mavjudligi o‘rganilib, kasallik xavfiga duchor bo‘lgan shaxslar ro‘yxati tuzilib, ularning ustidan tibbiy nazorat, qolaversa, laboratoriya tekshiruvlari orqali salomatligiga baho berish yo‘lga qo‘yilgan.

Toshkent shahri bo‘yicha jami qayd etilgan 355 ta holatni tumanlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, Yunusobod tumanida 68 ta, Sergelida 48 ta, Olmazorda 47 ta, Shayxontohurda 37 ta, Yashnobodda 35 ta, Mirzo Ulug‘bek tumanida 33 ta, Mirobodda 29 ta, Uchtepada 27 ta, Yakkasaroyda 13 ta holat qayd etilgan.

Ushbu ko‘rsatkichlar infeksiyaning aholi o‘rtasida tarqalganini emas, balki bemorlar qayd etilgan muassasalarning joylashuviga, qolaversa, karantinda saqlanayotgan fuqarolarning karantin maskani joylashgan manzilga ham bevosita bog‘liq.

Shuning uchun biz hozir tumanlarda kasallanganlar soni qayd etilishiga qarab turib, bizning tumanimizda kamroq yoki boshqa tumanda ko‘proq ekan, degan fikrga borishimiz kerak emas.

Bemorlar orasida 60 yoshdan katta yoshdagilar 32 nafarni, 50 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lganlar 28 nafarni, 30-39 yoshdagilar 82 nafarni, 20–29 yoshdagilar 88 nafarni tashkil qiladi.

Shuningdek, bemorlarning 7 nafari 1 yoshgacha, 3 nafari esa 1 yoshdan 2 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.