Toshkentda xalqaro terroristik tashkilotlar tarafdorlari va a’zolari qo‘lga olindi

2020 yilning 19 fevral kuni Toshkent shahri hududida “Tavhid va jihod katibasi” (TJK) xalqaro terroristik tashkilotiga aloqador bo‘lgan bir guruh tarafdorlari va a’zolarining faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur shaxslar hozirda Suriyada xalqaro terroristik tashkiloti TJK safida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, 1996 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan A.Shodibekovning g‘oyaviy ta’siriga tushib, uning jinoiy faoliyatiga yaqindan ko‘mak berish maqsadida moddiy tomondan yordam ko‘rsatib, TJK tarkibiga borib ko‘shilishni rejalashtirib kelganlar.

Yuqoridagilarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1552-moddasi 1-qismiga (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish) asosan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida poytaxt hududidagi 18 ta manzilda tintuv tadbirlari o‘tkazilib, 21 nafar shaxslar qo‘lga olindi.

Ushlangan shaxslarning yashash manzillaridan jinoyatga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olindi. Hozirda tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

Ma’lumot tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyati O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’qiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da’vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini so‘raydi.