To‘tiqushlar yordamida ochilgan jinoyatlar

Odatda jinoyatchilarni qidirishda huquq-tartibot idoralari xodimlariga maxsus o‘rgatilgan itlar yordam beradi. Lekin oddiy uy to‘tiqushi tufayli adolat g‘alaba qozongan holatlar ham bor. Quyida ushbu nozik va sadoqatli qushlar ochib bergan jinoyatlar to‘g‘risida so‘z yuritamiz.

“Iltimos qo‘yib yuboring!”
2021 yilning sentyabr oyida Argentina sudi ikki erkak bilan qo‘shnichilik qiladigan 46 yoshli Elizabet Toledoning o‘ldirilishi bo‘yicha asosiy guvohni so‘roqlayotgan edi. Bu o‘ldirilgan ayolning gapiradigan to‘tiqushi bo‘lib chiqdi. Tergovchilar uning uyida tintuv o‘tkazishar ekan, to‘tiqush “Yo‘q, iltimos, menga tegmang!” deb qichqira boshladi. Elizabetning qo‘shnilaridan biri to‘tiqush yonidan o‘tib ketayotganida qush qanotlarini qoqib, "Nega meni urayapsan?”, dedi. Ayolning qo‘shnilari - 53 yoshli Migel Rolon va 65 yoshli Xorxe Alvaresdan olingan genetik namunalar ularning qotillikka aloqadorligini isbotlab berdi.

Uy hayvonlari do‘konidagi mojaro
2011 yilda Van Lu ismli pekinlik kishiga tegishli qimmatbaho naslli to‘tiqush o‘g‘irlab ketildi. O‘g‘ri uni sotish uchun zoologik do‘konlarning biriga topshirgan ekan. Biroz vaqt o‘tgach Van Lu tasodifan xuddi shu do‘konga kirdi. Sevimli egasini tanigan to‘tiqush chinakam g‘ala-g‘ovur ko‘tardi – u baland tovush chiqarib, egasi bir vaqtlar unga o‘rgatgan iboralarni ifoda etib baqira boshladi.
O‘g‘irlangan to‘tiqush o‘z egasi Van Luni o‘ziga qaratdi, u esa albatta hayajonlangan qushini osongina tanidi. Shundan so‘ng do‘kon egasi ushbu to‘tiqushni olib kelgan shaxsning ismi-sharifi va manzilini politsiyaga yozib berdi va o‘g‘ri tezda qo‘lga olindi.

“Jey-Jey”
Marshmellou ismli yashil to‘tiqush AQShning Memfis shahridagi o‘z bekasi Felitsiya Kobbning uyida yashardi. Bir kuni uning uyiga o‘g‘rilar kirib yaxshilab “ishlashdi”. Ular nafaqat pul va zargarlik buyumlarini, balki uydagi televizor, DVD-pleyer, kompyuter va hatto radiopriyomnik kabi barcha elektronikani ham olib chiqib ketishdi.

O‘g‘rilik paytida jinoyatchilar bir-birlari bilan xotirjam muloqot qilishardi, shu sababli Marshmellou o‘g‘rilardan birining ismini eslab qoldi. Ular “o‘lja”larni mashinaga ortib ketmoqchi bo‘lganida, to‘tiqush to‘satdan baland ovozda Jey-Jey ismini chaqira boshladi. O‘g‘rilar esa unga e’tibor bermay bamaylixotir jo‘nab ketishdi. Birmuncha vaqt o‘tgach, ular gapiradigan uy hayvoni ularni “sotishi” mumkinligidan xavotirlanib, bu uyga qaytishga qaror qilishdi. Lekin bu qaytish ular uchun qimmatga tushdi: o‘g‘rilar uy oldiga yaqinlashishi bilan politsiyachilar tomonidan hibcga olindi.

Agra xazinasi
Hindistonning Agra shahrida haqiqiy “xazina” – Gerakl ismli to‘tiqush yashaydi. U o‘z bekasining qotilini topishda yordam bergan. 45 yoshli Neyelam Sharma va uning iti o‘z kvartirasida o‘lik holda topilgan va politsiya bu jinoyatni ochish uchun kalavaning uchini topa olmadi. Marhumning eri Vijay Sharma xotinining jiyani Ashu har gal uyga kelganida qushning xatti-harakatlari keskin o‘zgarib turishini payqab qoldi.

O‘z bekasi o‘ldirilishini ko‘rgan, odatda do‘stona va xotirjam Gerakl garchi boshqa paytlarda xona bo‘ylab erkin uchishni afzal ko‘rgan bo‘lsa-da, Ashuni ko‘rishi bilan qo‘rqib, qafas burchagiga bekinib olardi. Bundan tashqari, Ashu oldida to‘tiqushning hatto egasining muloyim so‘zlariga ham e’tibor qilmasligi va gapirishdan butunlay voz kechishi erkakni hayratda qoldirardi. Shunda egasi to‘tiqush qotillikni ko‘rgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi va Geraklga o‘sha kuni uyga kelgan kishilar ismlarini birma-bir ayta boshladi.

Ashu ismi tilga olinganda Gerakl qattiq chinqirib baqira boshladi. Vijay bu haqda politsiyaga xabar berdi va Ashu so‘roqqa chaqirildi. Ko‘p o‘tmay u qarindoshlarini talon-toroj qilish uchun kelgani, lekin xolasi uni ko‘rib qolgani va uni o‘ldirishdan boshqa iloji qolmaganini tan oldi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.