Toyloqda ish ko‘p, ishsiz yoshlar ham

Toyloq tumanida davlat va jamoat ishlarida mehnat qilayotgan bilimli, tadbirkor va hunarmand yoshlar ko‘p. Shu bilan birga ishsiz yigit-qizlar ham talaygina. Ahamiyatlisi, mehnat qilaman degan kishiga tumanda ish topilar ekan.

Toyloq yoshlarining qanchasi xorijda?

Toyloq tumanida 200 ming 537 nafar aholi istiqomat qilsa, ularning 117 ming 60 nafari yoshlardan iborat. Joriy yil boshida 922 nafar ishsiz yoshlar ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, shundan 244 nafari umumiy o‘rta ta’lim maktablarini, 602 nafari o‘rta maxsus ta’lim muassasalarini tamomlagan, 39 nafari esa oliy ma’lumotli yigit-qizlar. Shuningdek, 6 nafarining imkoniyati cheklangan, 31 nafari jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilganlar.

- Tumanimiz yoshlaridan 347 nafari xorijda ta’lim olmoqda, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Jahongir Haqberdiyev. – 4215 nafar yosh esa turli sabablarga ko‘ra chet mamlakatlarga ishlash uchun ketgan. Ularning 318 nafari pandemiya sabab o‘z uylariga qaytib keldi. Shuning uchun ham ishsiz yoshlar soni biroz ortdi. Shu yilning o‘tgan davrida ishsizlar ro‘yxatida turgan va xorijdan qaytgan yoshlardan 1272 nafarining bandligi ta’minlandi. Jumladan, 171 nafar yosh joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tumanda 17 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida yaratilgan ish o‘rinlariga joylashtirildi.

O‘g‘iloy aya fidokor yoshlardan minnatdor

- Uyimiz tomidan chakka o‘tardi, - deydi Eski Juma mahallasida yashovchi O‘g‘iloy aya Fattoyeva. – Turmush o‘rtog‘im va o‘g‘lim olamdan o‘tgan. Bu uyda yolg‘iz qizim bilan qolganman. Yana bir qish shu ahvolda yashasak, bizni tom bosib qolishidan qo‘rqardim. Karantin boshlangan paytda saxovat yordami sifatida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘tarib kelgan yoshlar uyimning nurayotgan joylarini foto va videotasvirga tushirib ketdi. Ko‘p o‘tmay tuman hokimligi vakillari, homiy tadbirkorlar, yosh usta yigitlar yordamga keldi va hovlimizda obodonlashtirish, ta’mirlash ishlari boshlanib ketdi. Mana hozir uyimiz tomi tunuka bilan qoplandi. Oshxona va hammom qurib berishyapti. Yoshlardan minnatdorman.

Toyloq fidokor yoshlar otryadi respublikamizda birinchilardan bo‘lib tashkil etildi. Vaqtinchalik haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan yoshlar orasidan 36 nafari shu otryadda mehnat qilmoqda. Ular uch guruhga bo‘linib, tumandagi yordamga muhtoj oilalarning uy-joylarini ta’mirlash, hovlilarini tartibga keltirish, tomorqalarida ekin ekish kabi vazifalarni bajarmoqda.

- Shu paytga qadar ishsiz edim, - deydi Yuqori Toyloq qishlog‘ida yashovchi Qahramon Ergashev. – Yaqinda tashkil etilgan “Fidokor yoshlar otryadi”ga qabul qilindim. 700 ming so‘mdan ziyodroq maosh olamiz. To‘rt mucham sog‘. Peshona teri bilan topgan pul barakali bo‘ladi. To‘g‘ri, oylik miqdori ko‘p emas, ammo savob ishga hissa qo‘shayotganimdan xursandman.

Yosh tadbirkor tengdoshlaridan 6 nafarini ishga taklif etadi

Tumanning Tepa qishlog‘ida yashovchi yosh tadbirkor To‘lqin Tojiboyev “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi hisobidan 500 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib “Muhammadjon Shohro‘zbek Fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etdi. Korxonaga Xitoydan 50 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ evaziga uskunalar keltirilib, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ahamiyatlisi, 6 nafar yigit-qiz ish bilan ta’minlandi.

- Bu yerda tayyorlanayotgan 8 turdagi mahsulot respublikamizning barcha viloyatlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ham sotilmoqda, - deydi korxona ish yurituvchisi Elyor Tojiboyev. – Bir kunda 1 tonna mahsulot ishlab chiqarmoqdamiz. Mijozlarimizdan talab katta. Seximiz tuman markazidan ancha chekka hududda joylashgani mahsulotlarimizning sotilishiga xalal bermayapti. Ammo faoliyatimizni kengaytirishda biroz muammolarga duch kelyapmiz. Birinchidan, korxona ikki navbatda ishlashi uchun bizga yana 6 nafar ishchi kerak. Uzoqdan qatnab ishlaydigan yigitlar bo‘lsa uch mahal issiq ovqat va yotoqxona bilan ham ta’minlaymiz. Maoshi 850 ming so‘mdan 2 million so‘mgacha. Ikkinchidan, faoliyatimizda to‘xtalishlar bo‘lmasligi uchun korxonamizga yana bir elektr energiyasi tarmog‘i tortilishi kerak. Shamol va yog‘ingarchilik sabab bu masalada muammo bo‘lmas edi. Agar tabiiy gaz tarmog‘i tortilsa, Xitoydan gaz bilan ishlaydigan uskunalar keltirardik. Natijada ishlab chiqarish samaradorligi oshib, yana 10 dan ziyod yoshlarni ish bilan ta’minlash imkoniga ega bo‘lardik.

Tumanda hamshiralarning 24 nafari 0,25 ish o‘rnida. Nega?

Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli muassasalarda ming nafardan ziyod o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa, 30 nafari 1,25 va 1,5, 224 nafari 1,0, 351 nafari 0,75, 376 nafari 0,5, 24 nafari 0,25 ish o‘rnida mehnat qilmoqda. Hamshiralarning 233 nafarini yoshlar tashkil qiladi.

- Joriy yil boshida 0,25 ish o‘rnida faoliyat yuritayotgan o‘rta tibbiyot xodimlari 120 dan ziyod edi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Fazliddin Pardayev. – Shulardan bugungi kunda 24 nafari o‘z o‘rnida qolgan. Nafaqaga chiqayotgan yoki ishdan bo‘shayotgan hamshiralarning o‘rni hisobiga 6 nafar xodimning ish o‘rnini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Qolgan 18 nafari esa o‘quvchilar soni 200 nafardan kam bo‘lgan maktablarda ishlashga yuborilgan. Ma’lumki, maktablarda hamshira uchun ish o‘rni o‘quvchilar soniga qarab ajratiladi. Shuningdek, bugungi kunda 13 nafar kollej bitiruvchilari tibbiyot muassasalariga ishga kirish uchun navbatda turibdi.

25 murojaatchidan 3 nafarining muammosi ishsizlik

Har seshanba kuni tuman aholisi uchun sektorlar rahbarlarining sayyor qabullari o‘tkazilar ekan. Madaniyat mahallasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tumandagi Xalq qabulxonasi mudiri Q.Ismoilov, tuman hokimi o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i N.Asadov, tuman IIB boshlig‘i Sh.Tog‘ayevlar tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabulda 25 nafar murojaatchidan uch nafari tibbiyot kollejlarini bitirgan qizlar bo‘ldi. Ularning muammosi ishsizlik.

- Bolalikdan shifokor bo‘lishni orzu qilardim, - deydi Jalolobod mahallasida yashovchi Inobat Eshonqulova. – Ammo bu orzuligicha qolmoqda. 2012 yilda Toyloq iqtisodiyot kollejini tamomladim. Oliy o‘quv yurtiga kirolmay, bir necha yil bekor yurdim. Keyin esa hech bo‘lmasa hamshira bo‘lish istagida Urgut tibbiyot kollejida o‘qidim. Bu ta’lim muassasasini qizil diplom bilan bitirdim. Mahallamizdagi shifoxonada ishlash niyatida edim, uning ham faoliyati to‘xtab qoldi. Bir yarim yildan beri ish qidiraman. Sayyor qabulda shu masala bo‘yicha murojaat qildim. Natija bo‘lmadi. Tibbiyot muassasalaridan biriga navbat bilan ishga olishlari mumkinligini aytib, ro‘yxatga kiritishdi. Zavod va fabrikalarda ish bor ekan, ammo men tibbiyot xodimi bo‘lishni istayman.

Toyloqda ishsiz yoshning o‘zi yo‘q(mi?)

Tuman yoshlari orasida biror korxona, idora yoki tashkilotda o‘ziga qulay ish topolmasligi natijasida mehnat shartnomasi, doimiy ish haqiga ega bo‘lmagan, biroq turli mavsumiy ishlar bilan band bo‘lgan yoki oilasida tomorqa bilan shug‘ullanib, daromad topadiganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

- Aslida tumanimizda ishsiz yoshning o‘zi yo‘q, desak xato bo‘lmaydi, - deydi Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi rahbari Alisher Suyunboyev. – Tomorqachilik yoki mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanadigan, norasmiy band bo‘lgan yigit-qizlarimiz bor. Shuning uchun o‘zini-o‘zi band qilish tizimi bo‘yicha ularni rasmiy ro‘yxatga olish orqali ham yoshlar bandligi darajasini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, xonadonlarda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish imkoniyati katta ekanligini hisobga olgan holda, 2 gektar maydonda tomorqachilik bo‘yicha o‘quv-tajriba stansiyasini tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bu yerdagi o‘quv va amaliyot jarayonlariga hech qayerda ishlamaydigan, tomorqasi bo‘la turib undan unumli foydalanolmayotgan yoshlarni jalb qilamiz. Ularga tajribali fermer va tadbirkorlar meva-sabzavotlarni yetishtirish va sotish sirlaridan saboq beradi.

Tumanda o‘zini o‘zi band qilish tizimi bo‘yicha 4102 nafar fuqaro ro‘yxatdan o‘tishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda shu tizim orqali 2456 nafarining rasmiy bandligi ta’minlandi. Ularning aksariyati yoshlar.

“Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olish boshlandi

Davlatimiz rahbari tomonidan ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida, mamlakatimizda joriy etilgan “temir daftar”lar singari, alohida “Yoshlar daftari”ni shakllantirish belgilab berildi.

Toyloq tumanida ham shu masala bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar tuzilib, mahallalardagi ishsiz yigit-qizlar ro‘yxatga olinmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 5 oktyabr holatiga tumandagi 38 mahalla fuqarolar yig‘inidan 616 nafar ishsiz yoshlar xatlovdan o‘tkazildi.

Endi ro‘yxatga olinayotgan yoshlarning bandigini ta’minlash choralari ko‘riladi. Bu masalada ishsiz yoshlarga tuman bandlikka ko‘maklashish markazi ham yaqindan yordamlashadi.

- Tumandagi korxona va tashkilotlarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumot har oyning 5-sanasiga qadar tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga taqdim etilishi belgilab qo‘yilgan, - deydi tuman bandlikka ko‘maklashish markazi direktori Mansur Gadoyev. – Shu asosida tumandagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar mahallalardagi e’lonlar taxtasi va ish.mehnat.uz sayti orqali fuqarolarga yetkazib turiladi. Joriy yilning 5 sentyabr holati bo‘yicha markazimizga 42 ta korxona va tashkilotda 88 ta bo‘sh ish o‘rni mavjudligi haqida ma’lumotlar kelib tushgan.

To‘lqin SIDDIQOV.

"Zarafshon" muxbiri.