Toyloqda karantin hududidagi fuqaro bilan muloqot qilgan shaxs ushlandi

Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi ko‘p tarmoqli shifoxona ayni paytda karantinga olingan bo‘lib, mazkur maskanni qo‘riqlash va fuqarolar xavfsizilgini ta’minlashga Markaziy harbiy okrug bo‘linmasi jalb qilingan.

Kecha, 21 aprel kuni karantin ob’yektidagi fuqaro bilan muloqot qilgan tartibbuzar ushlandi. Patrullik yo‘nalishida yurgan soqchi shifoxona devori oldida ikki kishi gaplashib turganini ko‘rib, bu haqda tezkor qo‘lga olish guruhiga xabar beradi.

 Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro J.K. karantinda bo‘lgan yaqin kishisiga o‘z sog‘lig‘i va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘yib, kiyim-kechak va oziq-ovqat yetkazib berayotgan ekan. Olov bilan o‘ynashgan tartibbuzarga ma’muriy bayonnoma tuzildi.

– Karantinga olingan ob’yektlarga ma’lum vaqt kirish-chiqish ta’qiqlanadi, – deydi podpolkovnik Shavkat Abdurahimov. – Chunki bu yerda kasallikni yuqtirib olish xavfi yuqori. Ba’zi fuqarolar esa oddiy qoidalarga amal qilmasligi oqibatida yuzlab insonlar hayotini xavf ostida qoldirmoqda.

G‘ayrat MADRAHIMOV,

harbiy xizmatchi