Toyloqda murojaatchiga kechiktirilgan kredit mablag‘i bugun ajratildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toyloq tumanida yashovchi fuqaro Javohir Sattorovning murojaati e’lon qilindi.
Unda aytilishicha, fuqaro Xalq bankining Toyloq filialiga imtiyozli kredit olish uchun ariza topshirgan, hujjatlar qabul qilinib, kredit ajratilishi bo‘yicha SMS xabar ham kelgan. Ammo kredit mablag‘ini berish kechikmoqda.
Xalq banki mazkur holat bo‘yicha o‘rganish olib bordi va quyidagilarni ma’lum qildi:
"Bugungi kunga qadar Xalq bankining Toyloq filialiga imtiyozli kredit olish uchun mingdan ortiq mijoz ariza topshirgan. O‘tgan olti oy davomida 838 fuqaroga salkam 15 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan. Yana 200 dan ziyod fuqaro “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kredit olish uchun murojaat qilgan bo‘lib, hozirda ularning hujjatlari o‘rganilmoqda va navbatma-navbat kredit ajratiladi.
Xuddi shunday, fuqaro J.Sattorovga ham kredit ajratish tasdiqlangan bo‘lib, bugun, 15 iyul kuni ko‘rsatilgan hisobraqamga kredit mablag‘i ajratildi".