Toyloqda pandemiya davri qanday kechmoqda?
Toyloq tumani hokimi B.Bobonazarov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda viloyat maxsus komissiyasining 2020 yil 24 apreldagi bayoni bilan tuman hududida qattiq rejimdagi karantin holati e’lon qilingani qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, tuman hududida qattiq karantin holatini o‘rnatish, koronavirus infeksiyasining tarqalib ketishining oldini olish maqsadida 44 ta to‘siq postlar, 5 ta nazorat o‘tkazish postlari, 7 ta avtopatrul yo‘nalishlari, 50 ta piyoda patrul guruhlari, shuningdek, karantinga olingan xonadonlarda yashovchi fuqarolar xonadonlarini qo‘riqlovga olish uchun 24 nafar xodimlar biriktirilgan. Tashkil etilgan guruhlar faoliyatini o‘rganib borish uchun 5 ta tekshiruv guruhlari tuzilib, xodimlarning xizmat olib borishlari ustidan qattiq nazorat o‘rnatilgan.
Shuningdek, hududdagi 20 ta dorixona nazoratga olinib, shubhali xaridorlar haqidagi ma’lumotlarni huquq-tartibot idoralari xodimlariga taqdim etib borishlari to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Tumanda karantin qoidalarini buzish bilan bog‘liq 1495 ta ma’muriy huquqbuzarlik holatlari qayd etilib, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari, karantin bilan bog‘liq qoidabuzarliklar uchun 374 ta avtomashinalar jarima maydonchalariga joylashtirilgan.
- Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun tumanda 320 o‘rinli markaziy shifoxona, 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 2 ta qishloq oilaviy poliklinikasi, 6 ta qishloq vrachlik punktlari va ularning 14 ta filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda, - deydi B.Bobonazarov. - Pandemiyaga qarshi kurashish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasidan 1164 nafar tibbiy xodim, shu jumladan, 281 nafar shifokor, 843 nafar o‘rta tibbiy xodim jalb qilindi.
Tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining 48 nafar va qo‘shimcha tuman bandlikka ko‘maklashish markazidan 14 nafar xodimlar ushbu ishlarga jalb qilindi.
Bog‘izag‘on hududida 35-qishloq oilaviy poliklinikasi qoshida 70 o‘rinli provizor tashkil etildi. Provizorga COVID-19 kasalligi bo‘yicha shubha ostiga olingan 128 nafar fuqarolar joylashtirildi. Hozirgi vaqtda ushbu maskanda 9 nafar fuqarolar nazoratda turibdi.
Umuman, joriy yil 15 martdan 4 iyunga qadar 3 410 nafar fuqarolar tibbiy kuzatuvga olingan bo‘lib, ularning 3382 nafarida kasallik aniqlanmaganligi uchun tibbiy nazoratdan chiqarildi.
Tumanda 4 iyun holatida COVID-19ga tasdiqlanganlar soni 84 nafarni tashkil etib, shundan 82 nafar bemorlar sog‘aygan. Bugungi kunda 2 nafar bemor viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.
Ayni paytda 8 ta dezinfeksiya guruhlari ishlarini davom ettirmoqda.