Toyloqda sanoat rivoji izga tushadimi?

221 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan tumanda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, bandlik, qayta ishlash va ishlab chiqarish borasida katta imkoniyatlar bor. Biroq keyingi paytlarda bu imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmaganligi tufayli tuman iqtisodiyotida oqsoqlik kuzatilmoqda.

Joriy yilning 13 aprel kuni viloyat hokimi E.Turdimov ishtirokida tumanni  ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tumandagi 488 ta sanoat korxonasidan 203 tasi (41,6 foiz) faoliyat ko‘rsatmaydi. Shundan atigi 13 ta korxona faoliyatini tiklagan bo‘lsa, 1 ta korxona reyestrdan chiqarilgan, xolos. Kuzatuvdagi 12 ta korxona o‘tgan yilga nisbatan kam hajm ko‘rsatgan, 80 ta kichik korxona o‘tgan yili statistik hisobotlarini hajmsiz nol topshirgan. Shundan 1 ta korxona 155 ming so‘m hajm bilan qayta hisobot topshirgan. Tumanning sanoat ishlab chiqarish hajmi 316,3 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 112,8 foiz bo‘lgan, viloyatdagi ulushi esa atiga 6,9 foiz.

Iqtisodiy barqarorlikning muhim bo‘g‘inlaridan biri elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish va to‘qimachilik, tekstil sohalari hisoblanadi. Birgina elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida tumanda 3 ta korxona  ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 2 tasi faoliyat ko‘rsatmaydi. To‘qimachilik va kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha 62 ta korxona ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, ularning 35 tasi faoliyat ko‘rsatmayapti, 14 tasi hajmsiz nol hisobot topshirgan va 1 tasi hisobot topshirmagan. 

Viloyat hokimi savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi eng rentabelli yo‘nalish bo‘lsa-da, tumanda bu borada natijalar pasayib ketganligiga e’tibor qaratdi. Masalan, tumanda 643 ta xizmat ko‘rsatish korxonasidan 182 tasi (28,3 foizi) faoliyat ko‘rsatmaydi, 108 ta kichik xizmat ko‘rsatish korxonasi 2023 yillik statistik hisobotlarini hajmsiz nol topshirgan va 10 tasi hisobot topshirmagan. 1033 ta savdo korxonasidan 280 tasi (27,1 foizi)  faoliyat ko‘rsatmaydi, shundan atigi 8 ta korxona faoliyatini tiklagan, kuzatuvdagi 3 ta korxona o‘tgan yilga nisbatan kam hajm ko‘rsatgan.

Tumandagi 164 ta qurilish korxonasidan 46 tasi (28 foiz) faoliyat ko‘rsatmaydi, kuzatuvdagi 3 ta kichik korxona o‘tgan yilga nisbatan kam hajm ko‘rsatgan. 52 ta kichik korxona 2023 yillik statistik hisobotlarini hajmsiz nol topshirgan va 1 ta korxona hisobot topshirmagan.

Tumanda tajribali dehqonlar va yerdan yuqori hosil olish imkoniyati bo‘lishiga qaramasdan qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 130 ta tadbirkorlik sub’yektidan (fermerlarsiz) 55 tasi (42,3 foizi) faoliyat ko‘rsatmaydi. 

Yig‘ilishda korxonalar faoliyatini to‘liq tiklash va ishlab chiqarishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tuman mas’ullariga o‘n besh kun muddat berilgandi. O‘tgan vaqt davomida korxonalar faoliyatini qayta o‘rganish va tiklash, kamchiliklarni bartaraf etish borasida qanday ishlar amalga oshirilgani bilan qiziqdik.

Sanoqda bor, ammo...

- Sanab o‘tilgan 33 ta korxona faoliyatini tiklagan bo‘lsa, 96 ta korxona reyestrdan chiqarildi, - deydi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid Xo‘jamurodov. - Kuzatuvdagi 12 ta korxonadan 8 tasi ikkinchi chorak yakuni bilan kamaygan hajmni to‘liq qoplash imkoniyatiga ega. Masalan, "Ventradion" xususiy korxonasi 2-chorakda 17 milliard so‘mlik eksportni amalga oshirish, "Pet Sam plast premium" MChJ 117 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish choralari ko‘rildi. 40 ta korxonamiz 7,5 milliard so‘m hajm bilan qayta hisobot topshirdi.

Elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 3 ta korxona faoliyatini o‘rganib chiqdik va zarur yordam ko‘rsatildi. Jumladan, joriy yilning birinchi choragida "Sam fiorenta" MChJ tomonidan 11,5 milliard so‘mlik changyutgich ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilgan bo‘lsa, iyun oyida qiymati 17 milliard so‘mlik mis kabellar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish chorasi ko‘rilmoqda. Buning uchun zarur uskunalar keltirilgan, xomashyo va malakali ishchilarni tanlash ishlari olib borilmoqda.

Albatta, iqtisodiyot tarmoqlari orasida yengil sanoatning orni beqiyos. Respublikamizda bu tarmoqni rivojlantirish uchun sifatli xomashyo, arzon ishchi kuchi, sharoit, imkoniyat yetarlicha. Shu bois bu yo‘nalishda tashkil etilgan korxonalarning to‘liq ishlashi uchun kerakli amaliy yordamlar ko‘rsatildi. O‘rganishlardan so‘ng 8 ta korxona faoliyatini tikladi, 12 ta korxona reyestrdan chiqarildi,  6 ta korxona 25,5 million so‘m hajm bilan qayta hisobot topshirdi. 

Xizmat korsatish yo‘nalishidagi 27 ta korxona faoliyati tiklandi va 72 tasi reyestrdan chiqarildi. Savdo korxonalarining 46 tasi ishga tushdi, 126 ta korxona turli sabablarga ko‘ra faoliyatini tugatdi.  

E’tirozlarga sabab bo‘lgan yirik tarmoqlardan yana biri qurilish sohasi bilan bog‘liq edi. Birinchi chorakning katta qismi qish mavsumiga to‘g‘ri kelishi tufayli qurilish ishlarida biroz oqsoqlik kuzatiladi. Ammo bu bajarilgan ishlar sarhisobiga salbiy ta’sir qilmasligi kerak. Shu bois tumandagi 11 korxonaning faoliyati tiklandi, ishlamay turgan 16 ta korxona ro‘yxatdan chiqarildi.

Ishchi guruh bilan birgalikda o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, hisobotlarda nol hajm ko‘rsatgan korxona bilan qayta hisob-kitob qilindi. Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ham 3 ta korxona ishni boshlagan bo‘lsa, ishlamay turgan va ishni tashkil qila olmagan 29 ta korxona ro‘yxatdan chiqarildi.

Soliqdan qochish uchun ishchini qog‘ozga yashiradimi? 

Muhokamada qayd etilgan kamchiliklardan yana biri soliq tushumlari borasida edi. Raqamlarda keltirilishicha, soliq hisobotlarida 545 ta aylanmadan soliq to‘lovchilar tomonidan xodimlar soni 1 nafardan, 279 ta soliq to‘lovichi tomonidan nol ko‘rsatilgan. 133 ta ijara ob’yekti bo‘yicha ijara shartnomalari tuzilmagan, 176 ta sub’yektda onlayn nazorat kassa mashinasi mavjud emas, 3,3 milliard so‘m undirish imkoni mavjud bo‘lgan soliq qarzi undirilmagan. 

Tuman soliq inspeksiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklar bartaraf etilgan va 3,3 milliard so‘m soliq qarzidan 0,41 milliard so‘m undirilgan. 

Tumanda qishloq xo‘jaligi, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Viloyatda ishlab chiqariladigan go‘shtning 44 foizi, baliqning 36 foizi, sut mahsulotlarining 13 foizdan ortig‘i tumanda tayyorlanadi. Qulay geografik joylashuv va yaratilgan imkoniyatlar tufayli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksportda ham sharoit yetarli. Ammo hozirda tumanda ro‘yxatdan o‘tgan 488 ta sanoat korxonasidan 203 tasi faoliyat ko‘rsatmasligi iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va eksport salohiyatining pasayishiga salbiy ta’sir qiladi. Aksariyat korxonalarning ishlamaganligi hisobiga tumanda eksport ko‘rsatkichi joriy yilning birinchi choragida 9,5 million dollar o‘rniga amalda 3,7 million dollarga (39 foiz) bajarilgan. Shu vaqtda atigi 2,6 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan, shuningdek, Davlat investitsiya dasturi doirasida 6 ta loyihadan 5 tasida 4,8 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirilmagan. 

Jumladan, "Bog‘izog‘on" kichik sanoat zonasida qiymati 4,2 milliard so‘mlik 2 ta loyihada qurilish ishlari bir yildan buyon to‘xtab qolgan. "Davlatobod" kichik sanoat zonasida 2 ta loyihada qurilish ishlari bir yildan buyon boshlanmagan.

Yil yarmigacha natijalar yaxshilanadi(mi?)

- Tumanda faoliyat yuritayotgan korxonalardagi mavjud zaxira imkoniyatlardan foydalangan holda ikkinchi chorakda 12 million 546 ming AQSh dollarilik mahsulot eksport qilish rejalari ishlab chiqildi, - deydi tuman hokimligi investitsiya, sanoat va tashqi savdo bo‘limi bosh mutaxassisi Suhrob Xidirov. - Dehqon va fermer xojaliklari tomonidan 160 gektar maydonda yetishtirilayotgan gulkaramdan 3200 tonna mahsulot olish hisobiga 700 ming dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Birinchi chorakda xorijiy investitsiyani jalb qilishda biroz sustkashlikka yo‘l qo‘yganimiz bor gap. Endi ikkinchi chorakda tumandagi korxonalar tomonidan 8 ta loyiha doirasida 11,6 million dollarlik xorijiy sarmoya jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.

Chet el sarmoyasi asosida tumanimizda o‘simlik yog‘i ishlab chiqarishni kengaytirish, ko‘p qavatli uylar qurilishi, mehmonxona, o‘quv va logistika markazi tashkil etish, chorvachilik, parrandachilikni rivojlantirish, profil ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.