Toyloqdagi korxona 360 dan ortiq mahsulotni mahalliylashtirdi
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, yosh oilalar, kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan va boshqa uy-joyga muhtoj oilalar uchun 2010-2023 yillarda Toyloq tumanida 2324 ta xonadon foydalanishga topshirilgan. Tuman aholisi 2019 yilda 200,4 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 221,1 ming kishiga yetdi.
Bu, albatta, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ortishiga olib keladi. Tuman hokimligi ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun tumanda qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning sifati va aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishtirish maqsadida tashkil etgan press-turda yuqoridagi muammoga qanday yechim topilganiga e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 11 yanvar kuni viloyatimizga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlarida Samarqand shahri Qorasuv mahallasi, Urgut va Toyloq tumanlarida ko‘p qavatli arzon uy-joylar qurilishi belgilangandi. Topshiriq asosida tumanning Charog‘bon massivida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi uchun 3,5 gektar yer ajratilib, 2019-2023 yillarda 21 ta 4-12 qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirildi. 17 ta 12 qavatli uy-joy qurilishi uchun 450 milliard so‘m investitsiya kiritilgan bo‘lsa, kam ta’minlangan, sharoiti og‘ir oilalar hamda xotin-qizlar uchun 96 xonadon ajratilgan. Uy-joyga muhtoj bo‘lgan 460 nafar fuqaroga subsidiya asosida xonadon ajratilib, ularga 10,8 milliard so‘m boshlang‘ich badallar to‘lab berilgan.
Achinarli tomoni, biz massivga borganimizda ko‘p qavatli uylarga yuqori kuchlanishdagi elektr kabellari yerdan tortilgani, xonadonlar oldida himoyasiz qoldirilgan katta chuqurlar borligi, uylardagi liftlarning tugmalari yo‘qligiga guvoh bo‘ldik. “Yangi Toyloq” boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Anvar Qurbonov liftlardan to‘g‘ri foydalanish va yuqori qavatdagi xonadonlarda yashovchilarning pastga chiqindi tashlamasliklarining oldini olish maqsadida hududga to‘liq videokuzatuv kameralari o‘rnatilgani, aks holda ularni jarimaga tortish belgilanganini bildirdi.
Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan tumandagi Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining foydalanilmay kelinayotgan 27,4 gektar maydoni zaxiraga olinib, elektron onlayn auksionga chiqarilishi belgilangan.
- Charog‘bon mahallasida joylashgan ushbu maydon bo‘yicha ishlab chiqilgan rejaga muvofiq, 2023-2030 yillarda jami 43 ta ko‘p qavatli uy-joy, shundan 43 ta 3 xil tipdagi 16 qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan, - deydi tuman hokimligi mutaxassisi Xurshid To‘xtayev. – Hozirda 4 ta 16 qavatli uylar qurilishi boshlangan. Shuningdek, massivda 1200 o‘rinli maktab, 360 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, uch qavatli savdo markazi, IT park va yoshlar markazi, mahalla binosi, oilaviy poliklinika, nuroniylar choyxonasi, maishiy xizmat ko‘rsatish binolari, jami 1720 o‘rinli avtoturargoh qurilishi belgilangan.
Keyingi manzilimiz tumanning Adas mahallasida joylashgan “SAM FIORENTA” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi. 2021 yilda tashkil etilgan korxona 2023 yil yakunida Xitoydan keltirilgan zamonaviy uskunalar yordamida 30 nafar ishchini qamrab olgan holda yangidan ish boshladi. 11 milliard 500 million so‘mlik loyiha asosida korxonada yiliga 100 ming dona 6 xildagi changyutkich ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Hozirda bitta liniyada kuniga 250-300 ta changyutkich ishlab chiqarilmoqda. Joriy yil iyun oyigacha ikkinchi liniya ishga tushirilishi bilan ishlab chiqarish hajmi kuniga 550 tagacha, mahalliylashtirish hozirgi 35 foizdan 75 foizgacha ortishi kutilmoqda. Korxona mahsulotlari ichki bozordan tashqari qo‘shni respublikalar va Rossiyaga ham eksport qilinmoqda.
Maishiy texnika ishlab chiqaruvchilar uchun sifatli va kuchlanishga chidamli kabellar juda muhim hisoblanadi. Hozirda bunday kabellar asosan Turkiyadan import qilinadi. Bu esa tannarxga ham ta’sir ko‘rsatadi.
- Joriy yilda qiymati 17 milliard 500 million so‘mlik loyiha asosida yiliga 1 million komplekt maishiy texnikalar uchun yong‘inga chidamli kabel ishlab chiqarish sexini ishga tushirish harakatidamiz, - deydi korxona ishlab chiqarish guruhi rahbari Qodir Zaidov. – Bu bilan korxonamiz ishchilari soni 100 nafargacha yetadi. Chidamli kabellar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali boshqa maishiy texnika ishlab chiqaruvchilarga ham sifatli kabel yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
Hozirda korxonada 361 xildan ortiq mahsulot, shundan gaz plitalarining 90 foizi mahalliylashtirilgan, yil yakunigacha changyutkichlarning ham 75 foizini mahalliylashtirish rejalashtirilgan.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.