“Qizil” “yashil”ga aylanishi uchun... yoxud osoyishtalik faqat inspektorga kerakmi?

– Meni uyga kiritib qo‘yishingiz kerak.
Toyloq tumani ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i qabuliga kirgan ayol bira-to‘la maqsadga o‘tdi.
Uning aytishicha, oilasidagi notinchliklarga qaynonasi sababchi, o‘zi beayb ekan. Qizig‘i, u yaqinda qaynonasiga tan jarohati yetkazganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Jazoni ijro etib bo‘lgach, sud qarori asosida qaynonasining uyiga qayta kirib, “himoya orderi” ham olmoqchi. Ayol savollarimizga javob berarkan, orada “7 yildan beri shu “ish”ning ichida yuribman, ko‘zlarim pishib ketgan”, deya miyig‘ida kulib qo‘yadi.
Uning aytishicha, erining uyidagi barcha qarindoshlari unga dushman, eri ham nikoh asosida boshqa ayol bilan yashashni boshlagan. Shunday bo‘lsa-da, u o‘sha uyga kirmoqchi. Suhbat davomida angladikki, u buni oilasini tiklab, tinch-totuv yashash uchun emas, balki tugallanmay qolgan “ishi”ni tugatish va qasos olish uchun qilyapti. Albatta, profilaktika inspektori kunu tun uni eridan, erini esa undan qo‘riqlab yura olmaydi. Agar hozir qonun ustuvorligi ta’minlanib, ayol uyga majburan kiritib qo‘yilsa, ertaga yangi jinoyat sodir bo‘lmasligiga kafolat yo‘q.
Keyingi yillarda mamlakatimizda jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘layotgan ijtimoiy-maishiy muammolarni profilaktika qilish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish masalalariga e’tibor ortdi. “Xavfsiz shahar”, “Obod va xavfsiz mahalla” singari qator loyihalar ishlab chiqilib, mahallalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratildi. Biroq tahlil va kuzatuvlar barcha sa’y-harakatlarga qaramay joylarda huquqbuzarliklarning ma’lum turi (asosan og‘ir jinoyatlar) kamaysa-da, boshqalari ko‘payganligini ko‘rsatmoqda. Xo‘sh, buning sababi nima? Va, muammo qanday hal qilinadi? Toyloq tumani misolida vaziyatni o‘rganishga harakat qildik.
“Yashil”dan “qizil”gacha bir qadam
Tumanda 50 ta mahalla bo‘lib, ayni kunda shundan 11 tasi "qizil" toifaga kiritilgan. Bu har beshta mahalladan birida kriminogen vaziyat yomon, degani. Jumladan, Charog‘bon mahallasi o‘tgan yilning yakunigacha “yashil” toifada edi. Biroq ketma-ket sodir etilgan bir nechta og‘ir jinoyat uning “yuz”ini ham “qizil” qildi.
- Mahallamiz markazda joylashganligi uchun doimo odamlar bilan gavjum, - deydi mahalla raisi Matluba Amirova. - Hududda qator ijtimoiy ob’yektlar, bozor, 365 ta tadbirkorlik sub’yekti, 21 ta ko‘p qavatli uy bor. Shu bois huquqbuzarliklar profilaktikasida murakkabliklarga duch kelyapmiz. To‘g‘ri, tegishli dasturlar ijrosi bo‘yicha barcha ishlar amalga oshirildi. Xususan, ko‘chalarimizda tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan, 8 ta ko‘cha kameralashtirilib, ichki ishlar bo‘linmasiga ulangan. Ko‘chaboshilari tayinlangan. Biroq bu yetarli bo‘lmayapti. Aholimiz ko‘p, kelib-ketuvchilar ham. Birgina profilaktika inspektorining o‘zi ularni nazorat qila olmaydi.
Mahalla profilaktika inspektori Dilshod Murodullayev ushbu vazifaga tayinlanganiga hali ko‘p bo‘lmagan. U hudud va undagi kriminogen vaziyatga ta’sir qiluvchi omillarni o‘rganayotganligi, vaziyatni to‘liq bilmay oldindan biror xulosa bildira olmasligini ma’lum qildi. Bu to‘g‘ri qaror. Noprofessional xodim bo‘lganida edi, “Ayb menda emas, odamlarning o‘zi sababchi”, deya muammoni o‘zidan soqit qilishga urinardi. Inspektorga e’tirozimiz yo‘q. U mahallada hali “begona”. Muammoning ildizini topishi, qolaversa, odamlarning ishonchiga kirishi uchun vaqt kerak.
“Yo‘l xaritasi” natija beradimi?
Yaqinda shu mahallada Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ham bo‘lib, tuman sektor rahbarlari bilan hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va “mahalla yettiligi” faoliyati bilan tanishdi. Jarayonda mahallada huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish maqsadida tuzilgan “Yo‘l xaritasi” muhokama qilinib, uning ijrosiga bo‘yicha qator tavsiya va topshiriqlar berildi.
Bu tartib birgina Charog‘bonga taalluqli emas. Endi barcha mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar – “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmoqda. Prezidentning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bunga asos.
Bundan tashqari, hujjatga muvofiq, barcha viloyatlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda yangicha yondashuvlar asosida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi yaratilishi belgilangan. Uning doirasida joylarda “Xavfsiz va raqamli mahalla”, “Namunali xavfsiz ko‘cha”, “Xavfsiz bozor”, “Xavfsiz bekat”, “Huquq-tartibot maskani”, “Xotin-qizlar orasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish” bo‘yicha namunali tizimlar yo‘lga qo‘yiladi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan profilaktika kichik inspektorlari, migratsion profilaktika bo‘linmalari, ma’muriy amaliyot guruhlari va profilaktika bosh inspektorlari lavozimlari joriy qilinadi.
- Tumanimizda tegishli qaror ijrosi bo‘yicha ishlar allaqachon boshlangan, - deydi Toyloq tumani ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i Jahongir Nazarov, - Xususan, mahallalarimizni 16 hududga bo‘lgan holda profilaktik nazorat tadbirlarini o‘tkazyapmiz. Kechki vaqtga ham navbatchi xodimlar ko‘chama-ko‘cha yurib, fuqarolarning halovatini ta’minlaydi. Aytmoqchi bo‘lganim, xodimlarimiz doimo xalq orasida va xizmatga shay. Biroq hali ham ba’zi hollarda fuqarolar huquqbuzarliklarni yashirishga yoki u sodir bo‘linganidan keyingina xabar berishga moyil. Agar teskarisi bo‘lganida, huquqbuzarlik profilaktikasida jamoatchilik ham faol bo‘lganida, maqsadimizga tezroq erishgan bo‘lar edik.
“Yashil” mahalla faqat inspektorga kerakmi?
Mavzuni o‘rganish, fuqaro va mas’ullar bilan suhbatlashish davomida ba’zi xulosalarga keldik. Aytaylik, biz borgan aksar “qizil” toifadagi mahallalarda huquqbuzarliklar ko‘p sodir etilishiga sabab qilib asosan mahallaning markazda yoki serqatnov yo‘l yoqasida joylashganligi ko‘rsatilmoqda. Go‘yo, ulardagi barcha jinoyatni begonalar qilgan. Lekin mahallalarni toifaga ajratish vaqtida bu inobatga olinadi-ku, ya’ni oldini olish mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar soniga qarab xulosa qilinadi, adashmasak. Avariya, joy va makon tanlamaydigan firibgarlik yo korrupsion harakatlar singari holatlar inobatga olinmaydi.
Ikkinchidan, nega hududda huquqbuzarlik sodir etilsa, bosh aybdor sifatida profilaktika inspektori ko‘riladi? To‘g‘ri, joylarda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlashga qaratilgan qaror va boshqa hujjatlarda jarayonga mas’ul bo‘lganlar ro‘yxati uzun bo‘ladi. Lekin kuzatuvlarimiz bu vazifalar amalda faqat nozir zimmasida qoldirilayotgani, hatto mahalla raisi ham muammoning asl mohiyatini anglamayotganini ko‘rsatmoqda.
Vaziyatni aniqroq tushuntirish uchun misol keltiramiz. Aytaylik, spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan er xotini bilan kelishmovchilik vaqtida unga og‘ir tan jarohati yetkazdi. Bu holatda yarashtirish haqida gap ketmaydi, darhol jinoyat ishi ochiladi. Xo‘sh, jinoyatda inspektor aybdormi? Ko‘pchilik, ha aybdor, deydi. Boisi u notinch oila bilan profilaktik tadbir o‘tkazishi, lozim bo‘lsa, erni davolatishi, qayta tarbiyalashi, ayolni himoya qilishi kerak ekan. To‘xtang, unda mahalla raisi, xotin-qizlar faoli, ijtimoiy xodim nima qiladi? Inspektor mahalladan tayinlanmaydi, ya’ni u xizmat joyidagi fuqarolarga begona. Hech kim unga dardini aytmaydi, uyiga kirmoqchi bo‘lsa, hujjat so‘raladi. Rais yo boshqa faollardan kimdir hujjat so‘raydimi? Albatta, yo‘q. Holbuki, ular o‘sha erkakning nega ichkilikka berilganligi (to‘g‘ri yo‘lga qaytarilmagan), ishsizlikdan qiynalayotganligi (yordam berilmagan), xotinining tili yomonligini ham bilishadi (janjalning oldi olinmagan). Bu gap o‘sha oilaning qo‘shnilari, yaqinlari, qarindoshlariga ham taalluqli.
Xulosa qilib aytganda, jinoyat bir soniyada sodir bo‘ladi. Ammo u yillar davomida “pishib” keladi. Endi tasavvur qiling, bitta mahallada shunga o‘xshash 10 ta oila bor (amalda bundan ko‘p bo‘ladi). Ularga vaqtida, kerakli odamlar tomonidan berilmagan yordam hozir qilinsa, notinch oila bir zumda namunaliga aylanib qoladimi? Yo‘q. Uni sog‘lomlashtirish uchun ham yillar kerak. Ba’zan bu imkonsiz ham. Maqola boshida tilga olingan “qasoskor” kelin vaziyatidek.
Muammo yechimsiz emas. Faqat u bir yo ikki kishi bilan yechilmaydi. Befarqlik ortarkan, jinoyatchilik kamaymaydi.
Asqar Barotov.