Toyloqda tajribali tomorqachilar tajribasi ommalashtirildi

O‘zLiDeP Toyloq tumani kengashi Fermer, dehqon xo‘jalik va tomorqa yer egalari kengashi Toyloq tumani bo‘limi bilan hamkorlikda tumandagi Talliota mahallasida tomorqachilik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan fuqarolar va uyushmagan yoshlar uchun seminar tashkil etdi.

Ta’kidlash kerakki, Toyloqda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ixtisoslashayotgan mahallalar ko‘p. Shulardan biri - Talliota mahallasi. Bu yerlik aholi asosan ko‘chatchilik bilan shug‘ullanadi. Shu jihatdan seminar uchun bu manzil bejiz tanlanmadi.

Seminar mahallaning tajribali tomorqachilaridan biri Saidamir Bakirovning xonadonidan boshlandi. O‘n yillik tajribaga ega Saidamir aka tomorqasida 10 sotixlik issiqxona tashkil etib, ko‘chatchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda.

- Issiqxonada bir yilda to‘rt marta ekin ekaman, - deydi Saidamir aka. – Uch marta sabzavot urug‘larini ekib, ko‘chat yetishtiramiz, to‘rtinchisiga esa bulg‘or qalampiri, sabzi yoki bodring ekib, hosil olamiz. Bir yilda 100 millionga yaqin daromad olaman.

Ayni damda Saidamir akaning issiqxonasida Germaniya davlatidan olib kelingan serhosil kechki karam ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. Uning aytishicha, karamning bu naviga talab yuqori bo‘lganligi sababli, viloyatimizning turli tumanlaridan buyurtmalar tushmoqda.

Seminar ishtirokchilari tajribali tomorqachi bilan suhbatlashib, issiqxona borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi axborot xizmati.