Toyloqlik tibbiyotchilar endi kasallik varaqalarini qo‘lda to‘ldirmaydi
Toyloq tuman tibbiyot birlashmasidagi raqamli texnologiyalardan keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan onlayn-poliklinika dasturi hamda tumanda qurilayotgan ijtimoiy soha ob’yektlari tanishuvi bo‘yicha press-tur o‘tkazildi.
Viloyat moliya bosh boshqarmasi, Toyloq tumani hokimligi hamkorligida tashkil etilgan press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etdi.
Tuman darajasidagi technomed.uz dasturi ilk bor Toyloqda
Toyloq tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari, mana, bir oydirki, kasallik varaqalarini qo‘lda to‘ldirish, qalin-qalin jurnallarga bemorlarning kasallik tarixini yozishdan voz kechdilar. Gap shundaki, tuman tibbiyot birlashmasida bir oydan beri technomed.uz dasturi o‘rnatildi va xodimlar shu dastur asosida ish olib bormoqda. Ushbu raqamli texnologiyaning tibbiyot tizimida qanday afzalliklari bor, tibbiyot xodimlari-yu, bemorlar uchun qanday qulayliklarga ega?
- Avvalo, turli qog‘ozbozlik holatlariga chek qo‘yildi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Ulug‘bek Suvonov ommaviy axborot vositalari xodimlariga dastur qulayliklari haqida tushuncha berar ekan. – Murojaat qilgan bemorlarning kasallik tarixidan tortib, ularga qo‘yiladigan tashxis, tayinlanadigan dori-darmonlar – barchasi kompyuterga kiritiladi va o‘sha yerda saqlanadi. Bu dastur shaffoflikni ta’minlashi barobarida korrupsiyaning oldini oladi, poliklinikada bemorlarning navbatini to‘g‘ri tashkillashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Qolaversa, tez tibbiy yordam chaqirtirgan bemor haqida shifokor to uning uyiga borgunga qadar ancha ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin. Yaqin kunlarda patronaj hamshiralarning har biriga planshet tarqatiladi, ular o‘z hududidagi aholi haqidagi barcha ma’lumotlarni unga kiritib, qaysi xonadonga qachon kirganligi, qaysi ma’lumot kiritganligini tuman tibbiyot bosh shifokori ham ko‘rib turadi.
Ushbu dastur hozircha faqat tuman tibbiyot birlashmasida ishlayapti. Buning uchun 130 ta kompyuter jamlanmasi xarid qilindi, tezkor internet tarmog‘iga ulandik.
Reabilitatsiya markazi yeriga nega artishok ekildi?
Tumanning Jumabozor mahallasi hududidagi poliklinika binosining ikkinchi qavatiga shu paytga qadar foydalanilmay turgan, bo‘sh yer maydonlari ham samarasiz ishlatilgan. Yaqinda ushbu oilaviy poliklinika to‘liq ta’mirdan chiqarilib, ikkinchi qavati sanatoriya tipidagi reabilitatsiya markaziga aylantirilmoqda. Markazda 14 turdagi fizioterapiya, jismoniy davolanish mashqlari uchun 8 ta uskuna keltirilgan.
Markaz hovlisida esa mutasaddilar sa’y-harakati bilan mamlakatimizda kam uchraydigan bir qator dorivor o‘simliklar, jumladan, godji, artishok, oq karrak (rastoropsha) kabi o‘simliklar mutaxassislar hamkorligida o‘stirilmoqda. Mazkur maskan Darg‘om kanaliga 200 metr uzoqlikda, maydoniga mingga yaqin archa va boshqa daraxt ko‘chatlari ekilgani uchun hududda o‘zgacha mikroiqlim yuzaga kelgan.
- Shuning uchun kelgusida bu markaz sanatoriyga aylantirilishi ham rejada bor, - deydi markaz bo‘lim boshlig‘i Faxriddin Fayzimurodov. – Birinchi iyundan boshlab ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan markazda terapiya, nevrologiya, tayanch harakati bilan bog‘liq kasalliklar profilaktikasi, davolanishi yo‘lga qo‘yiladi. Yuqorida nomlari keltirilgan o‘simliklardan tayyorlanadigan damlamalarni bemorlar fitobarda tatib ko‘rish imkoniga ega bo‘lishadi.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari tumanda yaqinda qayta rekonstruksiyadan chiqqan 1-son madaniyat markazi faoliyati, qurilishi davom etayotgan axborot-resurs markazini ko‘zdan kechirdilar.
Gulruh Mo‘minova.