“Toza hudud” davlat unitar korxonasi nima uchun hamma joyni ozoda qilolmayapti?

Chiqindi u xoh qattiq bo‘lsin, xoh maishiy yoki qurilish chiqindisi bo‘lsin, to‘plash, tashish, ko‘mish yoki utilizatsiya qilish, imkoni bo‘lsa, qayta ishlash talab etiladi. Shu tufayli bundan ikki yil oldin joylarda “Toza hudud” davlat unitar korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu korxonalarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad avvalo, chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish edi. Shu bilan birga xalqimiz uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, respublikada sanitariya va ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi turmush darajasi va sifatini yanada oshirishga rejalashtirilgandi.

Xo‘sh, bugun ushbu maqsadlarga nechog‘lik erishilmoqda, umuman, “Toza hudud” davlat unitar korxonalari talab darajasida va to‘laqonli faoliyat yuritayaptimi? Tuman, shahar hokimliklarida bu tizim samarali ishlashi uchun yetarli e’tibor qaratilayaptimi?

Viloyat hokimligida o‘tkazilgan hokimlik soatida ushbu masala atroflicha muhokama qilindi. Qayd etilganidek, shahar, tumanlarda aholi va yuridik korxonalarning maishiy va suyuq chiqindilarini olib chiqishda shartnoma tuzish hamda qarzdorliklarni kamaytirish, xizmat sifatini talab darajasiga yetkazish bo‘yicha bir qator ishlar olib borilmoqda.

Xususan, viloyat “Toza hudud” davlat univter korxonasining 15 ta, jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahrida 1 ta va tumanlarda 14 ta filiali xizmat ko‘rsatmoqda. Ammo joriy yilning 1 avgust holatiga korxonaning viloyat boshqarmasida 15 ta, tuman va shahar filiallarida 701 ta shtat birligidan 141 tasi vakant. Ishchi-xodimlarning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlaridan 2019 yil iyul oyi uchun 905,9 million so‘m qarzdorlik vujudga kelgan. Nega?

Viloyat hokimligining 2018 yil 27 avgustdagi yig‘ilish bayoniga asosan ijara shartnomasi tuzilib, jami 199 ta texnikalardan 12 tasi “Maroqand Obod” davlat unitar korxonasiga o‘tkazilgan. Lekin bugungi kunga qadar ijara to‘lovi amalga oshirilmagan.

O‘tgan yetti oy davomida aholi xonadonlariga 3,9 milliard so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan. Biroq bugungi kunda 7,8 milliard so‘m debitor va 7 million so‘m kreditor qarz yuzaga kelgan. Jumladan, Past Darg‘om tumanida 877,8 million, Urgut tumanida 844,9 million, Jomboy tumanida 739,8 million, Ishtixon tumanida 721 million, Payariq tumanida 706,4 million, Narpay tumanida 649 million so‘m qarzdorlik mavjud.

Bundan tashqari, korxona va tashkilotlarga 2,5 million so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramay, 500 million so‘m debitor va 76,7 million so‘m kreditor qarzdorlik yuzaga kelgan. Jumladan, Samarqand tumanida 104,8 million, Kattaqo‘rg‘on shahrida 58,7 million, Bulung‘ur tumanida 57,8 million, Toyloq tumanida, 40,6 million, Ishtixon tumanida 37,7 million, Kattaqo‘rg‘on tumanida 32,1 million, Nurobod tumanida 18,3 million so‘m debitorlik qarzdorliklar mavjud.

Umuman, bugungi kungacha viloyatdagi 538 ming 984 xonadondan (Samarqand shahridan tashqari) 182 ming 136 tasi yoki 33,6 foizi bilan shartnoma tuzilgan. Mavjud 11 mingta yuridik korxonalardan 2 634 tasi yoki 23,9 foiziga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Vaholanki, davlatimiz rahbarining tegishli qarorida 2021 yilgacha chiqindilarni tashib ketish xizmatlari bilan qamrab olish darajasini 93 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Xo‘sh, bunday sharoitda aytilgan ko‘rsatkichga erishib bo‘ladimi? Mumkin, faqat qo‘shimcha 233 ta texnika, shundan 205 ta chiqindi chiqarish (musorovoz), 15 ta asenizator va 13 ta buldozer texnikalari talab etiladi.

Bugungi kunda shahar va tuman filiallarida jami 14 ta chiqindi yig‘ish poligonlari mavjud, biroq 2018 yildan buyon ularning 2 tasidan foydalanilmayapti.

Jumladan, Toyloq tumanida hududga tutash joylashgan “Siyob saxovati” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan poligonga chiqindilarni kiritishga ruxsat berilmayapti. Shu sabab Toyloq tumandagi chiqindilar Urgut va Samarqand tumanlaridagi poligonlarga chiqarilmoqda, bu esa qo‘shimcha transport va boshqa xarajatlarning oshishiga sabab bo‘lmoqda. Poligon uchun qo‘shimcha yer maydoni ajratish yuzasidan 2018 yilning mart oyida tuman hokimligiga murojaat qilingan bo‘lsa-da, haligacha yer maydoni ajratilmagan.

Oqdaryo tumanidagi “Qorabotir” qishlog‘idan poligon uchun 3 gektar yer maydoni ajratilib, ichki yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizilgan, atrof blok devor va to‘r-sim bilan himoyalangan. Ammo 2019 yil mart oyidan buyon poligon atrofidagi aholi tomonidan ushbu hududga chiqindi tashlashga qarshilik qilinmoqda. Oqibatda chiqindilar tumanning Sarixo‘ja qishlog‘idagi 5 gektar ochiq yer maydoniga chiqarilmoqda. Vaholanki, ushbu hududda poligon qurilmagan, yo‘l va elektr energiyasi olib borilmagan, himoya devori bilan o‘ralmagan, qorovulxona qurilmagan.

Ko‘chaga yoki belgilanmagan joylarga chiqindilarni to‘kish holatlari birgina Oqdaryo tumanida emas, boshqa hududlarda ham kuzatilmoqda. Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on shahar Amir Temur mahalla fuqarolar yig‘ini “Dilorom Pardayeva” uy-joy mulkdorlari shirkati hududida joylashgan chiqindi yig‘ish shoxobchasi o‘rnida “Moxlaroyim NUR” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan shahar hokimining qaroriga asosan xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi qurilgan.

Payariq tumani Go‘zal mahallasi hududidagi joylashgan “Toza hudud” davlat unitar korxonasi Payariq filiali balansida bo‘lgan chiqindi yig‘ish shoxobchasi xususiy bolalar bog‘chasi qurilishi munosabati buzib tashlangan. Nurobod tumani “Sharq yulduzi” va “Nurbuloq” mahallasi hududidagi 2 ta chiqindi yig‘ish shoxobchasi ham ana shunday qismatga ro‘baro‘ bo‘lgan. Tadbirkorlik maqsadida foydalanish uchun buzib tashlangan.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Toyloq, Oqdaryo, Nurobod, Payariq tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahar hokimliklari sukut saqlashni eng maqbul yo‘l deb bilmoqda.

Yo.GADOYeV.