Tramp Grenlandiya bo‘yicha kelishuvni e’lon qildi va bojlardan voz kechdi — endi grenlandiyaliklarga 1 million dollardan taklif qilinishi mumkin

AQSh prezidenti Donald Tramp va NATO bosh kotibi Mark Ryutte Grenlandiya bo‘yicha kelishuvning ramkaviy shartlari yuzasidan kelishuvga erishdilar. Shu munosabat bilan Tramp uning rejalariga qarshi chiqqan davlatlarga nisbatan oshirilgan bojlarni joriy etishdan voz kechishini ma’lum qildi.

Grenlandiya atrofidagi bahs doirasida erishilgan ramkaviy kelishuv kelajakdagi bitim uchun asos bo‘ladi. U Daniyaning avtonom hududi hisoblangan orol hamda butun Arktika mintaqasiga taalluqli. Bu haqda Donald Tramp 21 yanvar, chorshanba kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi. Uning ta’kidlashicha, murosaga NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan bo‘lib o‘tgan «juda samarali uchrashuv» davomida erishilgan.

Keyinroq Tramp jurnalistlarga bu kelishuvni «uzoq muddatli, hatto abadiy» deb ta’rifladi.

Avvalroq AQSh prezidenti 1 fevraldan Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlandiyadan olib kiriladigan tovarlarga 10 foizli boj joriy etish rejasini e’lon qilgan edi. 1 iyundan esa mazkur bojlar Grenlandiya bo‘yicha kelishuvga erishilmaguncha 25 foizgacha oshirilishi ko‘zda tutilgan edi.

Shu bilan birga, Tramp Grenlandiya atrofidagi vaziyat doirasida AQShning «Oltin gumbaz» havo mudofaasi tizimi masalasi ham muhokama qilinayotganini bildirdi.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham Grenlandiya bo‘yicha ramkaviy kelishuv mavjudligini tasdiqladi. U Davosda o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida bu ma’lumot «to‘liq haqiqat» ekanini aytdi, biroq muzokaralar davom etayotganini ta’kidlab, qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqlamadi.

Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Donald Tramp Grenlandiya aholisi AQShga qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlagan taqdirda, har bir fuqaroga 1 million dollardan taklif qilish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Grenlandiya aholisi taxminan 57 ming kishini tashkil etadi.

Grenlandiya — Daniya tarkibidagi avtonom orol bo‘lib, ichki siyosatda o‘zini o‘zi boshqarish huquqiga ega. Daniya hukumati orolning AQShga qo‘shilishiga qarshi chiqmoqda. Davosdagi chiqishida Tramp AQShdan boshqa hech bir davlat Grenlandiya xavfsizligini ta’minlay olmasligini ta’kidlab, uni sotib olish bo‘yicha zudlik bilan muzokaralar boshlashga chaqirgan.