Tramp ma’muriyati Rossiya mudofaa vazirligiga qarshi sanksiyalar loyihasini tayyorladi
Qo‘shma Shtatlar Rossiya mudofaa vazirligi, bir qator mudofaa va fuqarolik sanoati korxonalari, Vladimir Putin ma’muriyati bilan bog‘liq federal davlat unitar korxonalaridan biri, shuningdek, Nijniy Novgorod viloyati bo‘yicha ichki ishlar boshqarmasining sud ekspertiza va kriminalistika markaziga qarshi sanksiyalar joriy etishi mumkin.
Ushbu ma’lumot AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan tayyorlangan sanksiyalar loyihasining qoralamasida keltirilgan. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.
Yangi choralar Xitoyning harbiylar bilan hamkorlik qilayotgan 89 ta kompaniyasi va Rossiyaning aviatsiya, raketa-kosmik va yadro sanoati, asbobsozlik va dvigatel qurilmalari bo‘yicha 28 tashkiloti, tadqiqot markazlariga qarshi AQSh tomonidan e’lon qilinishi rejalashtirilgan cheklovlar bilan bog‘liq.
Xususan, ushbu ro‘yxatdan zamonaviy qurollar yaratishda ishtirok etgan “Rosatom” davlat korporatsiyasi institutlari, “Roskosmos”ning ikkita tashkiloti, shuningdek, vertolyotlar va samolyot dvigatellari, aviatsiya materiallari ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi, havo harakatini boshqarish tizimlari ishlab chiqaruvchi tashkilotlar joy olishi mumkin.