Tramp Vakillar palatasi spikeri lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatildi
Amerikalik qonunchi Mett Gets AQShning sobiq prezidenti Donald Trampni Vakillar palatasi spikeri lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Uchrashuv Amerikaning markaziy kanallari tomonidan translyasiya qilindi.
“Men Donald Trampni Vakillar palatasi spikeri lavozimiga o‘z nomzodim sifatida ko‘rsataman”, — dedi u. Gets Tramp davrida AQSh ichki va tashqi siyosatida muvaffaqiyatlarga erishilganiga ishonch bildirdi.
Gets payshanba kuni spiker saylovi bo‘yicha ovoz berishning oldingi bosqichlarida allaqachon Trampni qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Qoidalarga ko‘ra, kongressmenlar Vakillar palatasi spikerligiga nomzod sifatida nafaqat amerikalik qonunchilar, balki boshqa shaxslarni ham rasman ko‘rsatishi mumkin.
Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan AQSh Kongressiga saylovlarda respublikachilar partiyasi quyi palata ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan, o‘tgan seshanba kuni Vakillar palatasi respublikachi yetakchisi Kevin Makkarti uning spikeri bo‘lishi kutilgan edi. Biroq, partiyadoshlarining kichik guruhi pozitsiyasi tufayli u shu hafta o‘tkazilgan o‘nta turdan keyin saylov uchun zarur bo‘lgan 218 ovozni to‘play olmadi.
Vakillar palatasi spikeri lavozimi AQSh hukumati iyerarxiyasida uchinchi o‘rinda turadi. Spiker tayinlanmagunga qadar Kongress quyi palatasining ishi, aslida, falaj holatida qolmoqda, chunki qonunchilar qasamyod qilib, to‘laqonli qonunchilik faoliyatiga o‘ta olmaydi.