Trampning gapidan keyin Eron qurolli kuchlarini shay holatga keltirdi. Koronavirus qurbonlarining umumiy soni e’lon qilindi. Turkmaniston fantastik iqtisodiy o‘sishda

🔹 AQSh prezidenti Trampning 30 mart kuni bergan intervyusida agar Vashington va Tehron Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga erishmasa, Qo‘shma Shtatlar Eronga zarba berishini aytishi ortidan Eronning oliy rahbari Ali Xomanaiy mamlakat qurolli kuchlarini shay holatga keltirdi. Eron Iroq, Quvayt, BAA, Qatar, Turkiya va Bahraynga AQShning Eronga hujumini har qanday qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ularning havo hududi yoki hududidan AQSh harbiylari tomonidan foydalanishi “dushmanlik harakati” sifatida baholanishi haqida xabarlar yubordi.
🔹 Tramp fond bozorini qulashini istamasligini aytdi, lekin bu zarur edi - "Men hech narsa qulashini xohlamayman, lekin ba’zida biror narsani tuzatish uchun dori ichish kerak". Iqtisodchi va tahlilchilar fond bozorining qulashi "Qora dushanba" nomi bilan tarixda qolgan 1987 yil oktyabrdagi qulash bilan tenglashishini kutmoqda. Tramp tariflarni mavjud bo‘lmagan ekspert maslahatiga ko‘ra joriy qilgani aytilmoqda.
🔹 Dunyodagi eng yirik neft eksportchisi - Saudiya Arabistoni osiyolik xaridorlar uchun neft narxini so‘nggi to‘rt oy ichida eng past darajaga tushirdi.
🔹 Iroqdagi eronparast jangarilar AQSh bilan urushga kirishmaslik uchun qurollarini tashlashga tayyor. Kataib Hizbulloh qo‘mondonlaridan biri agentlikka: "Tramp urushni keyingi bosqichga olib chiqishga tayyor. Biz bu ssenariydan qochishni istaymiz", dedi.
🔹 Isroil yaqin haftalarda G‘azo sektoriga gumanitar yordam o‘tishini qisman tiklamoqchi.
🔹 JSST koronavirus pandemiyasidan dunyoda qancha odam vafot etganini ma’lum qildi. "COVID-19" 7 million 100 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Ma’lumotlar 2025 yilning mart oyi holatigako‘ra aytilmoqda. Ekspertning ta’kidlashicha, ishlarning umumiy soni 778 millionga yaqinlashgan. Infeksiya va kasalxonaga yotqizish holatlari bugungi kungacha davom etmoqda.
🔹 Limon eksporti bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rindagi Turkiya ichki bozorni muvozanatlash va narxlarni barqarorlashtirish maqsadida 8 apreldan bu mahsulot eksportini vaqtincha to‘xtatadi.
🔹 Turkmaniston misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘sishga erishdi. 2025 yilning dastlabki uch oyida mamlakat iqtisodiyoti ishonchli ijobiy dinamikani – yalpi ichki mahsulot o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,3 foizga o‘sganini ko‘rsatdi. O‘sishning asosiy omillaridan biri yoqilg‘i-energetika sektori bo‘ldi.
🔹 Ertaga Yerga kuchli magnit bo‘roni yopiriladi va hafta oxirigacha davom etadi.
G.Xoldorova tayyorladi.