Trampning shaxsiy mulkidan Kim Chen In bilan o‘zaro maktublari topildi
AQSh Milliy arxivlar va hujjatlar boshqarmasi rasmiylari sobiq prezident Donald Trampning Floridadagi mulkidan bir necha quti yozishmalar, jumladan, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In maktublarini musodara qildi, deb xabar bermoqda Washington Post axborot manbalariga tayanib.
Nashrning yozishicha, Tramp hujjatlarni Oq uydan o‘z mulkiga olib chiqqan.
Prezidentning barcha rasmiy hujjatlari davlat mulkiga aylantirilgan. Prezident yozuvlari to‘g‘risidagi qonunga binoan arxivchilar ularni Mar-a-Lago mulkidan olib qo‘yishgan. Ushbu qonun 1978 yilda 1974 yilda prezident Richard Nikson davrida Uotergeyt mojarosidan keyin qabul qilingan.
Musodara qilingan yozishmalarda Trampning o‘zi bir paytlar “sevgi maktublari” deb ta’riflagan Kim Chen Inning maktublaridan tashqari, Barak Obamaning 2016 yilda o‘z vorisi uchun qoldirgan xabari ham bor, deb yozadi gazeta.
Nashr suhbatlashgan ekspertlar Trampning prezidentlik hujjatlarini saqlash bo‘yicha qonunni buzgani uchun javobgarlikka tortilishi ehtimolini dargumon deb baholashdi.
Oq uyning sobiq xodimlaridan biri sobiq prezident harakatlarida g‘arazli niyat borligini rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, arxivning xususiy mulkka ko‘chirilishi Trampning biznesmen sifatidagi faoliyati davomida erishgan bitimlarni kuzatib borish odatidan dalolat beradi.