Transport vazirligi Qozog‘iston orqali harakatlanayotgan haydovchilarga ogohlantirish bilan chiqdi

Ob-havo sharoitining keskin yomonlashuvi hamda kuchli qor bo‘ronlari sabab Qozog‘istonning 9 viloyatida 48 ta yo‘l uchastkasida barcha turdagi avtotransport vositalarining harakatlanishi to‘xtatildi.

Qozog‘iston Respublikasi Industriya va infratuzilmalarni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘skemen-Ridder-RF chegarasi avtoyo‘lining 15-105 kilometr oralig‘idagi (Belousovka-Ridder) uchastkasi tirkamali va yarim tirkamali yuk avtomobillari uchun yopilgan.

O‘skemen-Shemonaixa-RF chegarasi trassasining 15-105 kilometr (Glubokoye-Shemonaixa) uchastkasi tirkamali va yarim tirkamali yuk avtolari uchun yopildi.

Semey-Qaynar trassasining 8-144 kilometr oralig‘idagi (Semey-Sarjal), O‘skemen-Shemonaixa-RF chegarasi trassasining 105-123 kilometr oralig‘idagi (Shemonaixa-RF chegarasi) uchastka ham yopilgan.

«Aqto‘be-Bolgarka-Shubarquduq» trassasi 17 kilometr (Sazdi ovuli) - 190 kilometrgacha («Aqto‘be-Astraxan» trassasi) bo‘lgan qismida harakat butunlay to‘xtatilgan.

Haydovchilarga ob-havo sharoiti yaxshilangunga qadar yo‘lga chiqmasliklarini tavsiya etamiz.

Favqulodda vaziyatga yo‘liqqan haydovchilar 1403 raqamiga murojaat qilishi so‘ralgan.