“Mister Bin”: Ahmoq rolini o‘ynagan odamning IQ darajasi Eynshteyndan yuqoriroq

Rouen Atkinson. Ko‘pchilik bu aktyorni o‘tgan asrning 90-yillaridagi mashhur teleserialning o‘ta omadsiz, maftunkor qahramoni “Janob Bin” roli orqali biladi. Kamera ortidagi quvnoq hazilkash Rouen Atkinson hayotda filmdagi bosh qahramonining mutlaqo aksidir.

Atkinson juda aqlli

Ko‘pincha ahmoq va kulgili qahramonlar rollarini o‘ynab kelishiga qaramay, hayotda Rouen Atkinson o‘zining aql-zakovati bilan mashhur. Janob Binning IQ darajasi 178 ballga teng bo‘lib chiqdi!

Ma’lumot uchun: Dunyoga mashhur olim, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Albert Eynshteyn hech qachon sinovdan o‘tmaganiga qaramay, ekspertlar uning IQ ko‘rsatkichini 160 ball, deb baholagan.

Maktabdan so‘ng u muhandis bo‘lishni orzu qilardi va Nyukasl universitetining elektronika fakultetiga o‘qishga kirdi, uni muvaffaqiyatli tamomlab, Oksfordda magistrlik darajasini oldi. Atkinson O‘z-o‘zidan (avtomatik ravishda) sozlanadigan tizimlar bo‘yicha dissertasiyani ham yozdi. Shundan keyingina unga dunyo miqyosida shuhrat keltirgan aktyorlik karerasini boshladi.

Komediya janri unga bolaligidan berilgan

Aktyor bolaligidan komediyaga moyilligini ko‘rsatdi. Garchi u har doim o‘zini kamtarin va uyatchan deb tavsiflagan bo‘lsa-da, unda odamlarni kuldirish qobiliyati bor edi. Sinfdoshlari uning hazillarini yaxshi ko‘rar, uning o‘zi ham ba’zida do‘stlarini kuldirib turar edi. Qiziqarli fakt - Rouen Atkinson Buyuk Britaniyaning bo‘lajak Bosh vaziri Toni Bler bilan birga o‘qigan.

U duduqlanishdan aziyat chyekadi

Rouen Atkinson duduqlanishdan aziyat chekadi, shu sababli u kamdan-kam intervyu beradi. Xususan, uning muammosi B harfi bilan bog‘liq. U bilan boshlangan so‘zni aytishdan oldin, aktyor tayyorgarlik ko‘rishi uchun bir necha daqiqa kerak bo‘ladi.

Ko‘pincha avariyaga uchraydi

Atkinson mashinalarni yaxshi ko‘radi. Ularga bo‘lgan ishtiyoq bolaligida, otasi o‘zi bilan birga traktor ruliga o‘tirishga ruxsat berganida paydo bo‘lgan. Aktyorning Aston Martin, Honda, “Audi” va hatto “MC Laren F1 kabi sport avtomobillari bor. Sevimli mashg‘uloti tufayli bo‘lsa kerak, Atkinson tez-tez baxtsiz hodisalarga duch keladi.

Atkinson ba’zan avtomobil mavzusiga ixtisoslashgan nashrlar uchun materiallar yozadi va o‘z avtomobillarini suratga oladi. Masalan, "Agent Jonni Inglish" filmida o‘zi bilan birga aktyorga tegishli Aston Martin DB7 Vantage” avtomobili ham “rol o‘ynadi”.

U qirol oilasi bilan do‘stona munosabatda

Rouen Atkinson shahzoda Uilyam va Keyt Middlton hamda shahzoda Charlz va Kamillaning to‘ylarida qatnashgan. 2013 yilda qirolichaning tug‘ilgan kuni sharafiga Britaniya imperiyasining uchinchi darajali ordeni bilan taqdirlangan. O‘shanda aktyor san’at va xayriya ishlariga qo‘shgan hissasi uchun qo‘mondon unvonini olgan edi.

Kamtarin qahramon

2001 yilning mart oyida Atkinson, rafiqasi va bolalari bilan xususiy samolyotda dam olishga ketayotgan edi. To‘satdan uchuvchi hushidan ketib qoldi. Samolyot qanday boshqarilishini bilmaydigan aktyor sarosimaga tushmasdan, boshqaruvni o‘z qo‘liga oldi. Sarguzasht yaxshi yakunlandi: uchuvchi tezda o‘ziga keldi va ehtiyotkorlik bilan qo‘nishni amalga oshirdi.

Rouen faol jamoat arbobi

2005 yilda Atkinson Nikolas Xitner, Stiven Fray va Ien Makyuandan iborat Britaniyaning eng taniqli aktyorlari va yozuvchilari koalisiyasini boshqardi. O‘shanda ular Buyuk Britaniya parlamentidan irqiy va diniy nafrat haqidagi bahsli qonun loyihasini qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan edi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.