"tug‘ruqxonada barcha xizmatlar bepul!" rostdan ham shundaymi?
Ammo ma’lumot ochiqligi ta’minlangan muassasalarda ham norozilik kayfiyati paydo bo‘lishiga sabab nima?
Misol uchun, aksariyat tug‘ruqxonalarda aholi uchun muhim hisoblangan ma’lumotlar ochiq-oshkora ilib qo‘yilgan, "Tug‘ruqxonada barcha xizmatlar bepul!" kabi. Uning yonida asosiy dori vositalari ham bepul, degan eslatmalar ham bor. Xo‘sh, ushbu muassasalarda ko‘pchilik uchun zarur bo‘lgan asosiy ma’lumot barchaga ko‘rinarli joyda ilingan ekan, nega odamlar orasida norozilik bor?
– Yaqinda farzandli bo‘ldim, – deydi Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi Asror ismli yigit. – Rafiqamni tug‘ruqxonaga olib kelganimda shifokorlar "Hammasi yaxshi bo‘ldi, hech qanday asoratlarsiz o‘tdi. Ona ham, bola ham sog‘lom", deyishdi. Quvonchimizning cheki yo‘q. Birinchi bor farzandli bo‘lishim emasmi, shifokorlarning ona va bolaning sog‘lomligi haqidagi xabari ko‘nglimni tog‘day ko‘tardi. Do‘stlarim orasida tug‘ruqxonaga dori tashib, farzandiyu ayoli salomatligini o‘ylab, tashvishlanganlarini ko‘p ko‘rganim uchun bu holatdan taskin topdim, shukur qildim. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, shifokorlar dori yozilgan qog‘ozchani chiqarib berishdi. Bu dorilar har bir onaga qilinishi kerakligini bilib, darhol keltirib berdim. Kechga borib yana dori yozilgan qog‘ozcha qo‘limga tegdi. Xullas, tug‘ruqxonadan chiqqunicha 300 ming so‘mga yaqin pulni dori-darmonga sarflabman. Shundan so‘nggina tug‘ruqxona devorida ilingan "Barcha xizmatlar bepul", degan yozuvga ko‘zim tushdi. To‘g‘risi, ona va bola sog‘lom tug‘ildi, deyishgani uchun dorilar ro‘yxati ketma-ketligidan shubhaga tushdim. Ushbu ro‘yxatni olib, bosh shifokor huzuriga kirishga majbur bo‘ldim. Ularni ko‘rib chiqqach, bosh shifokor ushbu dorilarning aksariyati tug‘ruqxonaning o‘zida borligini aytdi. Shifokorni chaqirtirib, unga tanbeh berdi.
Gulnoza HOJIMETOVA, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalik muhofazasi bo‘yicha o‘rinbosari:
– Tug‘ruqxonalarning tug‘ruq bo‘limlaridagi barcha tibbiy xizmatlar bepul. Mamlakatimizda onalarning har tomonlama sog‘lom bo‘lishi, farzandining salomat dunyoga kelishini ta’minlash yuzasidan bexatar onalik prinsiplari asosida ish olib boriladi. Tug‘ruq payti dori-darmonlardan kamroq foydalanish shu prinsipning muhim sharti hisoblanadi. O‘tgan yildan boshlab, tug‘ruqxonalarga dori vositalari uchun ajratilayotgan byudjet mablag‘lari 20 foizga oshdi. Ushbu mablag‘ onalar uchun lozim bo‘lgan eng asosiy dori-darmonlar uchun yetarli hisoblanadi.
Lekin menga o‘xshab ota bo‘lganlarning qanchasi bilan suhbatlashish jarayonida dorixonaga serqatnov bo‘lib qolganligini bildim. Xo‘sh, ularning ko‘pchiligiga tug‘ruqxonada mavjud dorilarning ro‘yxati berilaversa, ular ham o‘sha payt yangi tug‘ilgan chaqaloq quvonchi bilan so‘ralganlarini olib kelaversa…
– Doktorlar psixolog bo‘lib ketishgan, – deydi yaqinda nevarali bo‘lgan onaxon. – Avval aft-angoringizga bir razm solib qo‘yishadi. Sal dadilroq bo‘lsangiz, demak, munosabat ham, talab ham shunga yarasha bo‘ladi. Moddiy ahvoli sal og‘irroq bo‘lganlarga esa e’tibor ham kamroq.
Samarqand shahridagi tug‘ruqxonalarga rafiqasi, kelini, qizi ortidan kelgan odamlar bilan suhbatlashsangiz, turfa fikrlarni eshitasiz. To‘g‘ri, ular orasida "Shifokorlar ancha yaxshi qarashdi, ularga mingdan-ming rahmat", deganlari ham bor. Ammo yuqoridagi kabi dori izlab yurgan, shifokorni rozi qilishni o‘ylayotganlar ham talaygina. Pul uzatgan kishining yuzi issiqroq ko‘rinishi, unga muomala ham boshqacha bo‘lishini tasdiqlaydiganlar baribir ko‘proq.
– Kirishdan to chiqishga qadar pul. Ammo xizmatlar bepulligi haqida yozib qo‘yilishi ortiqcha! – deya zarda qiladi yaqinda ota bo‘lgan yigit.
Ha, bu fikrlarni eshitarkanman, u yoki bu sohadagi ma’lumotning ochiqligi hali bu muassasada hamma ishlar a’lo deganini bildirmas ekan, deb o‘yladim. Muhimi, belgilangan qoidalarga amal qilish, ajratilayotgan mablag‘larni o‘z o‘rnida sarflash ham lozimligi ayon bo‘lmoqda.
Gulruh MO‘MINOVA.