Tug‘ishgan birodarlar va adovat: "Adidas" va "Puma" brendlarining paydo bo‘lish tarixi
Har bir muvaffaqiyatli brendning rivojlanishi ortida qiyinchiliklar va qiziqarli hikoyalar turadi. "Adidas" va "Puma" belgilari ostidagi sport kiyimlarini yaxshi ko‘rib sotib oladigan kishilar bu dunyo miqyosidagi tamg‘ali kiyim-kechaklar qanday yaratilganini bilmasa kerak.
Germaniyaning Gersogenaurax shahrida ikki aka-uka Rudolf va Adolf Dasslerlar yashardi. Yevropada endigina Birinchi jahon urushi tugagan va oila bir amallab pul topishi haqida o‘ylash kerak bo‘lgan paytlar edi. 1920 yilda ular poyabzal ishlab chiqarishni boshlashga qaror qilishdi. Dastlab ular ishni uy shippagi va frontdan qaytib kelgan nogiron sportchilar uchun ortopedik poyabzal tikishdan boshlashdi.
To‘rt yil o‘tgach, ishlari yurishib ketgan birodarlar “Aka-uka Dassler poyabzal fabrikasi” deb nomlangan korxona ochdi. Shu bilan birga ular futbolchilar uchun tishli etiklar tikib, ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirishga harakat qilishdi. 1928 yilda ularning sport poyabzallari Amsterdamda o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilariga taqdim etildi.
Dassler poyabzallarining mashhurligi oshib borib, ishlab chiqarish hajmi oshdi. Ammo Ikkinchi jahon urushi boshlanib, vaziyat o‘zgardi va aka-ukalar frontga jo‘natildi. Harbiy harakatlar tugagandan so‘ng, 1945 yilda asirlikka tushgan Rudolf harbiy lagerda bir yilga qolib ketdi. Adolf esa o‘z oldiga oilaviy tadbirkorlikni tiklash vazifasini qo‘ydi.
1948 yilda otasi vafotidan so‘ng aka-ukalar o‘rtasida janjal chiqdi. Ammo nima bo‘lganligi haligacha sirligicha qolmoqda. Janjal jiddiy bo‘lganligi aniq, chunki Adolf va Rudolf poyabzal fabrikasi binolarini o‘zaro bo‘lib olgan va har biri mustaqil ravishda poyabzal va boshqa sport mahsulotlarini ishlab chiqarishni boshlagan.
Aynan ushbu adovat jahon miqyosidagi ikkita brendning paydo bo‘lishiga olib keldi: Adidas (Adolf – Adi Dassler nomi bilan), Puma esa (dastlab u Ruda edi, Rudolf – Ru Dassler, keyinchalik nomi o‘zgartirildi). Ular hozirda ham sportchilar va faol turmush tarzini sevuvchilar orasida hurmatga sazovor bo‘lib qolmoqda.
Afsuski, Adolf Dasslerning uch farzandi ham uning vafotidan so‘ng o‘zaro til topa olmadi va ikkiga bo‘lingan kompaniya keyinchalik raqobatchilar qo‘liga o‘tdi.
Tug‘ishgan birodarlarning adovati hatto o‘n yillar o‘tgach ular tug‘ilib o‘sgan ona shahri Gersogenauraxda o‘z ta’sirini qoldirgan. Hozirda ham Puma va Adidas ishqibozlari ikki lagerga bo‘lingan va bir-biri bilan do‘stona munosabat qilmaydi.
Qiziq, agar janjal bo‘lmaganida voqealar qanday rivojlangan bo‘lardi?
B.Muhammadiyeva tayyorladi.