Turizm elni dunyoga tanitadi
– "Alpomish" korxonasi o‘rnida turistik markaz barpo etiladi. Qariyb o‘n to‘rt gektar hudud bugungi kunda tekislanib, qurilishga tayyorlanmoqda, – deydi M.Voseyev. – Bu yerda yetti qavatgacha bo‘lgan 5-6 ta mehmonxona qad rostlaydi. Jumladan, Koreya va Xitoy uslubidagi mehmonxonalarga shu mamlakatlar sayyohlari joylashtiriladi. Markazning Yevropa mamlakatlari mehmonlari uchun o‘zlariga xos uslubda mehmonxonalar, restoran va boshqa ko‘ngilochar maskanlar, chog‘roq ko‘chalar, velosipedda sayr qilish yo‘laklari tiklanadi. Ham ochiq, ham yopiq cho‘milish havzasi xorijiy sayyohlar uchun xush kayfiyat ulashadi.
Turistik markaz qurilishiga mahalliy va xorijiy investorlar jalb etiladi. Markaz 1 million nafar sayyohni joylashtirish imkoniga ega bo‘ladi.
– Cho‘ponota tepaliklarida ham turistik inshootlar barpo etilar ekan. Ular nimalardan iborat bo‘ladi?
– Xushhavo bu maskanda turistik dam olish zonasi tashkil etiladi. Bu yerda asosan, ikki qavatdan iborat uy-mehmonxonalar qurilishiga e’tibor qaratiladi. Kottejlarga o‘xshash uy-mehmonxonalarda xorijiy sayyohlar, ziyoratga kelgan mehmonlar uchun zarur imkoniyatlar yaratiladi. Shuningdek, restoranlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari quriladi. Bolalar uchun attraksionlar, archazorlar, suv havzalari, sport majmuasi barpo etiladi.
– Sport turizmi xususida qanday yangiliklar bor?
– Samarqandda eshkak eshish kanali mavjud. Bu kanal ahamiyati jihatidan dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Ushbu kanalning chap qirg‘og‘ida 10 gektar maydonda Osiyo hamda xalqaro o‘yinlar o‘tkaziladigan sport majmuasini tiklash rejalashtirilgan. Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda bunyod etiladigan, sport turizmi rivojiga hissa qo‘shadigan majmuada sportning bir necha turi, jumladan, suv sporti bilan bog‘liq inshootlar qad rostlaydi. Hozirgi kunda hamkorlarimiz dastlabki sarmoya sifatida 10 million dollar hajmda investitsiya kiritdi. Majmua uchun kamida 70-80 million dollar sarmoya kerak bo‘ladi. Qurilish uchun keltiriladigan uskuna-jihozlarga mamlakatimizda imtiyozlar berilgan. Bu esa qurilish-montaj ishlarini jadal olib borish imkonini yaratadi.
– O‘tgan yilning oxirida respublika ishchi guruhi tarkibida Malayziya va Indoneziya davlatlarida xizmat safarida bo‘ldingiz. Taassurotlar, amaliy natijalar qanday bo‘ldi?
– Biz bu mamlakatga Prezidentimiz topshirig‘i bilan bordik. Maqsad – O‘zbekistonning, shu jumladan, Samarqandning turistik salohiyatini, xususan, ziyorat turizmidagi imkoniyatlarni namoyish etish uchun keng targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish edi.
Hozirgi kunda Indoneziya va Malayziya davlatlaridan Umra safariga 2,5 milliondan ko‘proq ziyoratchining asosan, Turkiya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa Yaqin Sharq davlatlari orqali borishi yo‘lga qo‘yilgan. Har oyda 300 ming ziyoratchi 3-4 kun ushbu davlatlarda qolib, keyin Umra amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga borishadi. Malayziya Madaniyat va turizm vazirligi, Indoneziya bosh imom-xatibi, boshqa firma va uyushmalar bilan o‘tkazgan uchrashuvlar hamda muzokaralar natijasida ikki davlatda ham O‘zbekiston orqali hech bo‘lmaganda 1 million ziyoratchining Haj va Umra safarini tashkil etishga kelishib olindi.
Ushbu davlatlardan sayohatchilarning Samarqand va Buxoro viloyatlariga ziyoratlarini amalga oshirishda tashkiliy ishlar yuzasidan berilgan taklif va talablardan kelib chiqib, tayyorgarlik ishlari boshlangan. Shu yilning yanvar-fevral oylarida Samarqandga 10 mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurdi.
Ziyorat turizmining yanada rivojlanishida Turkiya, Pokiston davlatlaridan kelgan mehmonlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Mamlakatimizga ziyorat turizmiga Hindistonda yashaydigan musulmonlarni ham jalb qilish yuzasidan ushbu davlat elchixonasi bilan ish olib borilmoqda. Ko‘rilayotgan sa’y-harakatlarimiz o‘zining ijobiy natijasini beradi, albatta.
Suhbatdosh
Adham HAYITOV.