«Turizm zakovati»: «LEGION»ga tenglashadigan zukko va bilimdon jamoa topilmadi
Samarqand shahrida mazkur intellektual o‘yin g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
– Mamlakatimizda «Zakovat» intellektual o‘yini ommalashyapti, muhimi, u yoshlarning bilimini oshirishda xizmat qilyapti, – dedi tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov. – Turizm bilan bog‘liq jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar qizg‘in o‘tdi. «Turizm zakovati» muntazam tadbirga aylanishi kerak. Chunki bu o‘yin yoshlarning kuch-g‘ayratini ijobiy tomonga yo‘naltiradi va umumiy qiziqishlar asosida rivojlanish imkoniyatini beradi.
O‘yinlar natijasiga ko‘ra, Samarqand iqtisodiyot va servis institutining «LEGION» jamoasi eng zukko va bilimdon jamoa bo‘ldi va bosh sovrin – 3 million so‘mlik kitoblar xarid qilish uchun vaucher bilan taqdirlandi.
Ikkinchi o‘rinni ham Samarqand iqtisodiyot va servis institutining zakovatli talabalari, aniqrog‘i, institutning «METAMARFOZ» jamoasi egalladi.
Intellektual bahsda uchinchi o‘rin "Ipak yo‘li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetining «SILK ROAD» jamoasiga nasib etdi.