Turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shganlarga 50 million so‘m grant beriladi
Bu imkoniyat davlat rahbarining 2022 yil 15 yanvarda qabul qilingan “Turizm, madaniyat, madaniy meros va sport sohalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra:
- 2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvarga qadar turizm faoliyati sub’yektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublika hududida kamida besh kecha tunab qolgan taqdirda, 10 AQSh dollari, qish mavsumida (20 noyabrdan 20 fevralgacha) esa 25 AQSh dollari miqdorida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
- 2022 yil 1 maydan boshlab yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat byudjetidan Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan har bir tashabbuskorga 50 million so‘m miqdorida, jami 10 milliard so‘mgacha grantlar ajratiladi.
Grant mablag‘lari belgilangan tartibda xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasiga uch yil davomida kamida 200 nafar xorijiy turistlar uchun tur tashkil qilish sharti bilan ajratiladi.