Turkiya lirasining qulashi: kecha yangi antirekord o‘rnatildi
Kecha, 23 noyabr kuni turk valyutasi bir dollar uchun 11,37 dan 13,21 liraga chiqib, yangi antirekord o‘rnatdi. Turkiyalik moliyaviy tahlilchi Arda Tundjaning aytishicha, bir kunda bunchalik keskin pasayish so‘nggi 20 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Mazkur voqea ortidan Asosiy muxolifat partiyalari yetakchilari Erdo‘g‘onni layoqatsizlikda ayblab, muddatidan oldin saylov o‘tkazishga chaqirdi. Davlat rahbari, o‘z navbatida, prezidentlik va parlament saylovlari rejalashtirilganidek, 2023 yil iyun oyida o‘tkazilishini aytdi.
Bu Turkiya markaziy banki o‘tgan payshanba kuni qayta moliyalash stavkasini 16 foizdan 15 foizga tushirganidan keyin va dushanba kuni Prezident Toyib Erdo‘g‘on ko‘rsatkichlarni yanada pasaytirishga chaqirganidan keyin sodir bo‘ldi.
Faollar oddiy bozor qoidalarini talab qilishmoqda — qayta moliyalash stavkasini bozor belgilashi lozim. Turk bozorida bugun AQSh dollariga talab yuqori bo‘lgani holda yetarli taklif berish imkonsiz qolmoqda. Qayta moliyalash stavkasining “majburlab” 15 foizga tushirilishi esa muvozanatni buzib yuborgani aytilmoqda.
Shuningdek, Istambulda namoyishga chiqqan aholi hukumat iste’fosini hamda hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasining hukumatdan ketishini talab qilishdi. Politsiya namoyishchilarni tarqatib yubordi.