Turkiya va Suriyadagi vaziyat: 37 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, BMT bu raqam ikki barobarga oshishi mumkinligidan ogohlantirmoqda
Fojia ko‘lami kengligiga 2019 yildagi to‘lov evaziga qurilish uchun litsenziyalash amaliyoti sabab bo‘lgani aytilmoqda
Turkiya va Suriyani larzaga keltirgan halokatli zilziladan bir hafta o‘tdi. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan omon qolganlarni qidirishni to‘xtatmoqda.
13 fevralga qadar ikki mamlakatda 37 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi va bu raqamlar to‘xtagan emas.
Turkiya tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 31 643 kishi halok bo‘lgan, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Suriya shimoli-g‘arbida, qurbonlar soni 5 714 kishiga yetgan.
BMT gumanitar yordam agentligi 800 000 dan ortiq odam to‘yib ovqatlanmayotganini aytib, zilzila qurbonlari soni ikki baravar oshishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Ikki mamlakatda oziq-ovqat zaxiralari tugamoqda. Hozirda Turkiya janubidagi Adana shahrida joylashgan gumanitar yordam xodimining BBCga aytishicha, zarur narsalar ro‘yxati juda katta, ichki kiyim, chodir va ko‘rpa-to‘shaklar yetishmayapti.
Hafta davomida Turkiya va Suriyada past harorat kutilmoqda, bu esa qutqaruvchilar uchun ham, boshpanasiz qolganlar uchun ham juda qiyinchiliklar yuzaga keltiradi.
O‘tgan shanba kuni, qurbonlar soni 28 mingtaga yetganida BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va favqulodda yordam koordinatori Martin Griffits bu ko‘rsatkich ikki barobar yoki undan ko‘proq bo‘lishini kutayotganini aytdi.
Suriyadagi vaziyat
Dushanba kuni Suriya shimolidagi Aleppoga tashrifi chog‘ida Griffits qutqaruv bosqichi yakunlanayotgani va hukumat o‘z e’tiborini tirik qolganlarni boshpana, oziq-ovqat bilan ta’minlash, ta’lim va tibbiy yordamga qaratayotganini aytdi.
Uning aytishicha, xalqaro hamjamiyat Suriya shimoli-g‘arbida jabrlanganlarga hozircha yordam bermagan. Yordam deyarli bo‘lmagan mamlakatning bu qismlarida yashovchilar BMT va boshqa yordam agentliklarini o‘z holiga tashlab qo‘yilganlikda ayblashmoqda.
Muxolifatchilar Idlib provinsiyasini nazorat qilmoqda, BMT esa Bashar al-Assad rejimi nazorati ostidagi hududdan u yerga gumanitar yordam yetkazilishini tashkil eta olmayapti. Bir necha ispan shifokorlarini hisobga olmaganda, Suriyaning bu qismiga hali xalqaro yordam guruhi yetib bormagan.
Turkiya Suriyaning Kilis viloyatidan Asad nazorati ostida bo‘lmagan hududlariga yordam yetkazib berish uchun yana ikkita yo‘l ochishga tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Hozirda gumanitar yordam Bab al-Hava chegara punkti orqali yetkazilmoqda.
Qochqinlar
Shu bilan birga, mamlakat tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li Turkiya zilziladan keyin Suriyadan yangi qochqinlar to‘lqiniga ruxsat bermasligini aytdi.
Germaniya tashqi ishlar vazirligi zilzila jabrdiydalariga Turkiya va Suriyaning yirik jamoalari joylashgan Germaniyada boshpana berilishi mumkin, biroq ular mavjud viza talablariga javob bera olsalargina, dedi.
Ammo suriyaliklarga qiyinroq, chunki Suriya Germaniya bilan diplomatik aloqaga ega emas va ular Germaniyaning qo‘shni davlatlardagi diplomatik vakolatxonalariga viza uchun murojaat qilishlari zarur.
Mo‘’jizaviy qutqaruv
Tirik qolish ehtimoli kamayib borayotganiga qaramay, qutqaruvchilar har kuni vayronalar ostida omon qolganlarni topishga harakat qilishdi.
Yakshanba kuni Turkiya janubidagi Hatay shahrida zilziladan 139 soat o‘tib, bino vayronalari ostidan yetti oylik chaqaloq olib chiqildi. Dushanba kuni vayronalar ostidan bir haftadan ko‘proq vaqtdan qolgan ayol va o‘smirni qulagan bino ostidan chiqarishdi.
Qutqaruvchilar qiyin sharoitlarda ishlamoqda. Shanba kuni Avstriya harbiylari va Germaniya qidiruv tizimlari Suriya bilan chegaradosh Hatay viloyatida haddan tashqari xavf – mahalliy qurolli guruhlar o‘rtasida otishma va talonchilik tufayli qutqaruv ishlarini to‘xtatdi.
Pudratchilarning hibsga olinishi
Turkiya hukumati seysmik faol zonada qartadek terilib qolavergan uylarning qurilish jarayonida gumon qilingan 130 qoidabuzarlik haqida ma’lum qildi.
Jabrlangan 10 viloyatdagi 170 000 binoni tekshirgach, rasmiylar 25 000 uy butunlay vayron bo‘lgan yoki juda jiddiy zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Prokurorlar 113 ta hibsga olish uchun order berishdi. Hibsga olinganlar orasida Gaziantep, Adana va Hatay viloyati shaharlari pudratchilari va taniqli qurilish tashkilotlari bor.
Adiyamandagi qulagan binolarni qurayotgan yana ikki pudratchi yakshanba kuni Istanbul aeroportida hibsga olindi. Ular qo‘lida 17 ming dollar naqd pul bilan Jorjiyaga uchishni rejalashtirgan, deb xabar beradi Times.
Biroq muxolifat bu hibslarni rasmiylarning aybni quruvchi va qurilish tashkilotlar zimmasiga yuklash va g‘azablangan aholi e’tiborini fojia sababi va uning oqibatlarini bartaraf etishga to‘sqinlik qilayotgan davlat boshqaruvidagi muvaffaqiyatsizliklardan chalg‘itishga urinishi deb biladi.
Amnistiyani shakllantirish
1999 yilda 17 000 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan Izmit zilzilasidan so‘ng Turkiya yangi binolarning zilzilaga chidamli bo‘lishini talab qiluvchi yangi qurilish me’yorlarini joriy qildi, ammo bu qoidalar asosan bajarilmadi.
2011 yilda yuzlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan zilziladan so‘ng o‘sha paytdagi bosh vazir Rajab Toyyib Erdo‘g‘on qurbonlar sonining ko‘pligini sifatsiz qurilishlar bilan bog‘lagan edi. “Munitsipalitetlar, quruvchilar va nazorat organlari ularning beparvoligi qotillik bilan barobar ekanini tushunishlari kerak”, dedi u o‘shanda.
Biroq, 2018 yilda, prezidentlik va parlament saylovlari arafasida rasmiylar "qurilish amnistiyasi"ni e’lon qilishdi. Bu sifatsiz qurilishni rag‘batlantirishga olib keldi. Natijada Turkiya g‘aznasiga 3 milliard dollarga yaqin daromad keltirgan ammo zilzilaga moyil bo‘lgan minglab binolar paydo bo‘ldi.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, amnistiyaga 10 millionga yaqin odam murojaat qilgan, 1,8 million ariza qabul qilingan.
Mulk egalari binolarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun pul to‘lashdi, keyinchalik ular turli soliq va yig‘imlarga tortildi. Amnistiya mol-mulk solig‘i va ro‘yxatga olish yig‘imlari ko‘rinishida davlat g‘aznasiga 16,5 milliard lira (taxminan 3,1 milliard dollar) keltirdi, dedi Turkiya Urbanizatsiya vaziri 2019 yil dekabr oyida.
Turkiyalik qurilish mutaxassislari zudlik bilan binolarni haq evaziga o‘tgan sana bilan litsenziyalash halokatli bo‘lishidan ogohlantirdi.
"Bu bizning shaharlarimiz, xususan Istanbulni qabristonga, uylarimizni tobutga aylantirishni anglatadi", dedi 2019 yilda Qurilish muhandislari palatasi raisi Jemal Go‘kche. "Bino butunlay litsenziyasizmi yoki unda qavat ko‘proq qurilganmi? Ular barcha binolarni amnistiya qildi. Bu juda xavfli".
"Zilzilalar kuchli bo‘lgan bo‘lsa-da, ular yaxshi qurilgan binolarni vayron qilmasligi kerak edi. Ko‘p joylarda zilzila darajasi maksimal darajadan past bo‘lgan. Demak xulosaga qilish mumkinki, qulagan minglab binolarning deyarli barchasi seysmik qarshilik bo‘yicha hech qanday qurilish me’yorlariga javob bermagan, dedi London Universitet kollejining favqulodda vaziyatlarni rejalashtirish va boshqarish bo‘yicha mutaxassisi, professor Devid Aleksandrning BBCga.
G.Xoldorova tayyorladi.