Turkiyadagi fabrikada yuz bergan yong‘inda 38 yoshli o‘zbekistonlik erkak halok bo‘ldi
Mamlakatning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2019 yil 22 iyun kuni erta tongda Buyukchekmeje tumanida joylashgan fabrikada yuz bergan yong‘in oqibatida 1981 yil 15 martda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi G‘ofur To‘rayevich Tursunov halok bo‘lgan.
TIV matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, Turkiya huquqni muhofaza qilish organlari mazkur holat yuzasidan tekshiruv ishlarini boshlagan.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va hozirgi vaqtda marhumning qarindoshlari bilan fuqaromiz jasadini dafn etish uchun O‘zbekistonga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy masalalar ustida ishlar olib bormoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti Turkiya, Bolgariya, Ruminiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda Istanbul shahridagi mamlakatimiz Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +90 212-323-20-37, +90 212-229-00-75.