Turkman me’morlari Samarqandda

Turkmaniston Prezidenti huzuridagi Arqadag‘ shahri qurilish davlat qo‘mitasi raisi Deryageldi Orazov boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘lib turibdi.

O‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, do‘stlik rishtalarini mustahkamlash maqsadida amalga oshirilayotgan tashrif doirasida mehmonlar dastlab Hazrati Xizr majmuasida bo‘lib, O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi. 

Shundan so‘ng mehmonlar Samarqand viloyati hokimligida viloyat hokimi vazifasini  bajaruvchi Adiz Boboyev bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan yo‘nalishlarda mavjud imkoniyatlar bo‘yicha batafsil axborot almashishdi.

– Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov aprel oyida Samarqandga tashrifi chog‘ida Samarqanddagi zamonaviy me’morchilik, turizm yo‘nalishlarida amalga oshirilgan loyihalarga alohida e’tibor qaratgan edi, - dedi muloqot davomida Deryageldi Orazov. – Bizning tashrifimizning asosiy maqsadi yo‘lboshchimizning ko‘rsatmalariga asosan bu boradagi tajribalarni o‘rganishdan iborat. Sayohatimiz davomida shaharning go‘zal tabiati, o‘ziga xos qurilish arxitekturasi bilan tanishib, Samarqand keyingi yillarda istiqbolli islohotlar natijasida tub o‘zgarishlarga yuz tutganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bizning Arqadag‘ shahrimiz ham “aqlli shahar” tamoyili asosida barpo qilingan va har jihatdan rivojlanib bormoqda. Bu rivojlanish jarayonini qadimdan ijtimoiy-iqtisodiy markaz sifatida dunyo ahli e’tiborida bo‘lib kelgan qadim kent bilan bog‘lash har tomonlama manfaatli bo‘ladi, deb o‘ylaman.

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev viloyatda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, shaharsozlik va qurilish sanoati haqida batafsil ma’lumot berdi. 

“Boqiy shahar” majmuasi va u yerda faoliyat yuritayotgan usta hunarmandlar faoliyati bilan tanishdi, shahardagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni ziyorat qildi.