Turmushingizni asray olasizmi?
Jomboy tumani hokimi U.Nazarov olib borgan yig‘ilishda oilalardagi notinchliklarni bartaraf etish, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotida mahalla maslahatchilarining o‘rni xususida so‘z bordi. "Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi M.Boboyorov, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi M.Tojiboyev mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
– O‘rganish jarayonida oilalardagi notinchliklarning asosiy sababi yoshlarning turmushga tayyor emasligi, oila a’zolaridagi mas’ullik hisining yo‘qligi ayon bo‘lmoqda, – deydi M.Boboyorov. – Oilalar bilan ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish barobarida yoshlarning maktab, kollejlardagi tahsili sifatini yaxshilash, o‘smir yoshdanoq farzandlarimizda ma’naviy dunyoqarashni shakllantirish borasidagi ishlarni hamkorlikda olib borishimiz lozim.
Anjuman doirasida tumandagi Eski Jomboy mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaroning nikohdan ajratish uchun bergan arizasi bo‘yicha sayyor sud majlisi ham bo‘lib o‘tdi. Sayyor sudda er-xotinning fikrlari tinglandi. Tuman hokimligi, mahalla faollarining aralashuvi bilan oila yarashdi.
Gulruh MO‘MINOVA.