Tushumlar hajmi ortsa, byudjet salmog‘i ko‘payadi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining sakson oltinchi sessiyasi o‘tkazildi. Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Z.Karimov boshqardi.
Dastlab deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi tarkibiga nomzodlarni tasdiqladi va bu haqdagi qaror Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilishi belgilandi.
So‘ngra, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish, jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishiga ruxsat berish, jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga ruxsat berish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Deputatlar davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari A.Shukurovning hisobotini tingladilar.
Qayd etilishicha, 2023 yilda viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK buyurtmachiligida 34 ta umumta’lim maktabi, 480 o‘rinli 2 ta ijod va ixtisoslashtirilgan maktab, 25 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 5 ta sog‘liqni saqlash, 5 ta oliy ta’lim muassasalari, bitta jismoniy tarbiya va sport, bitta madaniyat, 3 ta turizm ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilishi belgilangan. Shu paytgacha 3 ta ob’yektda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgan.
Sessiya kun tartibidagi keyingi masala - viloyatda 2023 yilning I choragida davlat va mahalliy byudjet daromadlari prognoz ko‘rsatkichlarining ijrosi to‘g‘risida viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayev hisobot berdi.
- Birinchi chorakda umumiy daromadlar prognoz rejasi ortig‘i bilan bajarildi, - dedi B.Mirzayev. - Jumladan, tushumlar bo‘yicha foyda solig‘i 105 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 101 foiz, jismoniy shaxslar yer va mulk solig‘i 160 foiz bo‘ldi. Korxona va tashkilotlarda ishlovchi xodimlardan undirilgan daromad solig‘ining 71 foizi, ya’ni 242,3 milliard so‘mi byudjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Hisobot davrida viloyatdagi 2091 korxona joriy yilning I choragida amalga oshirilgan tovar-aylanmadan byudjetga bir so‘m ham soliq to‘lamagan. 2565 ta korxona tomonidan ishchi-xodimlarga belgilangan me’yorlarga nisbatan kam ish haqi hisoblanganligi oqibatida 2,5 milliard so‘m daromad solig‘i undirilmagan. 1768 ta korxonada xodimlar soni hisobotlarda ko‘rsatilmagan. 797 ta korxonada atigi 1 nafardan, 331 ta korxonada 2 nafardan ishchiga ish haqi hisoblangan holda daromad solig‘i to‘langan, xolos.
Shuningdek, sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi va Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining 2021-2022 yillardagi faoliyati yuzasidan jamoat fondi direktori D.Malikovning hisoboti ko‘rib chiqildi.
Viloyatda 2024 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritiladigan loyihalarning taqdimoti hamda Kengashning 2022 yil 4 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mahalla infratuzilmasini rivojlantirish Dasturi doirasida amalga oshiriladigan ishlar manzilli ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qarorlar tasdiqlandi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.