“U Xudoning qo‘llari edi”: Argentinani yarim finalga olib chiqqan afsonaviy gol to‘pi kimoshdi savdosiga qo‘yilmoqda
1986 yilgi jahon chempionati chorak finalida Angliyaga qarshi o‘yinda Argentina vakili Diyego Maradona urgan gol uzoq yillar muhokamaga sabab bo‘ladi. Kimdir golni bosh bilan urilgan desa, boshqalar gol qo‘l bilan urilgani va haqqoniy emasligini aytadi.
Nima bo‘lganda ham ushbu gol hisobga olinib, Argentina keyingi bosqichga chiqadi.
Jurnalistlar “O‘sha gol qo‘l bilan urilgan edimi?” deya so‘rashganida Maradona “Bu Xudoning qo‘llari edi” deb javob bergan. Keyinchalik mazkur gol futbol bo‘yicha jahon chempionatlari tarixidagi eng yirik hiyla sifatida tan olinadi.
Ana shu tarixga ega bo‘lgan to‘p noyabr oyi oxirida Londonda kimoshdi savdosiga qo‘yiladi.
Mutaxassislarning aytishicha, to‘p narxi 3 million funtga yetishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Diyego Maradona 2020 yil 25 noyabr kuni 60 yoshida yurak to‘xtashi natijasida vafot etgan edi.
Argentina prokuraturasi Maradonani davolagan yetti nafar tibbiyot xodimini qotillikda ayblagan.