Uch ming patent olgan ixtirochi: U eshigining ochilishi murakkabligi sababini uzoq yil sir saqlab kelgan

Amerikalik ixtirochi Tomas Edison o‘z ixtirolari uchun AQShda 1093 ta va dunyoning boshqa mamlakatlarida yana uch mingga yaqin patent olgan tadbirkor ham edi.

U tarixda fonograf yaratuvchisi, telegraf, telefon, kino uskunalari hamda elektr lampasi ustida olib borgan ishlari bilan iz qoldirgan.

Telefon so‘zlashuvlari avvalida "allo" so‘zini qo‘llashni ham aynan u taklif qilgan.

Uning ishning ko‘zini biladigan tadbirkorligi haqidagi hikoyalardan biri bilan tanishing.

Edisonnikiga mehmonga keladigan tanishlari uning darvozasini ochish nega bunchalik qiyin ekaniga hayron qolishar, ancha kuch talab qiladigan bu eshikni ochishga qiynalishar edi.  Nihoyat do‘stlaridan biri unga “Siz kabi o‘z ishining dahosi qulayroq eshik loyihasini yaratsa ham bo‘lardi" deb qoladi.

- Menimcha esa, - deb javob beradi Edison, - Eshigimning loyihasi ajoyib  yaratilgan. Chunki u suv ta’minoti nasosiga ulangan. Darchadan kiradigan har bir kishi uyimga yigirma litr suv tortib beradi". Bunday loyihani yomon deyish mumkinmi?!