Ukraina Kiberpolitsiyasi YeI fuqarolarining 4 million dollardan ortiq pullarini o‘zlashtirgan jinoyatchilarni qo‘lga olgan

Xalqaro jinoiy guruh a’zolari Kiberpolitsiya departamenti xodimlari tomonidan Chexiya huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan hamkorlikda fosh qilingan.

Bu haqda Ukraina Milliy politsiyasining Kiberpolitsiya boshqarmasi xabar tarqatgan. Xabarga ko‘ra, jinoyatchilar 100 dan ortiq "fishing" veb-sahifalardan foydalangan holda, asosan Yevropa mamlakatlari fuqarolarining bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, pullarini o‘zlashtirgan.

Maxsus operatsiya davomida Ukrainaning Vinnitsa va Lvov shaharlarida joylashgan 2 ta norasmiy "Call-markaz" aniqlangan.

Call-markaz"ning asosiy vazifasi fuqarolarni ishonchiga kirish va ularni soxta veb-sahifalarga o‘tishlarini ta’minlash bo‘lgan.

Chexiya, Polsha, Fransiya, Ispaniya, Portugaliya va boshqa Yevropa mamlakatlaridan 1000 dan ortiq jabrlanuvchilar aniqlangan bo‘lib, umumiy 160 million grivna (4 mln. AQSh dollaridan ko‘proq) miqdorida zarar yetkazilgan.

O‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida Ukraina Kiberpolitsiyasi va Chexiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan bir vaqtning o‘zida  jinoyatchilarning 30 dan ortiq joylashuv joylarida tintuv o‘tkazilgan.

Shuningdek, ushbu guruhning yana 10 nafar a’zolari Yevropa hududida qo‘lga olingan.

Manba: npu.gov.ua