Ukrainada avtobusni garovga olgan shaxs bilan Zelenskiyning o‘zi muzokara olib bordi

Ukrainaning Lutsk shahrida 21 iyul kuni avtobus bilan birga 13 kishini garovga olgan shaxs kun bo‘yi davom etgan muzokaralardan so‘ng huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlariga taslim bo‘ldi. Unga nisbatan Ukraina JK bo‘yicha bir qancha og‘ir - “terakt” va “garovga olish” moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy jinoyatchining talabini bajarganidan so‘ng voqea ijobiy tomonga o‘zgardi. Tajovuzkor bilan  Ukraina Prezidentining shaxsan o‘zi muzokaraga kirishdi. U Zelenskiydan barchani jonivorlar ustidan zo‘ravonlik qilinishi muammosi haqida so‘zlovchi “Zemlyane” (“Yerliklar”) filmini tomosha qilishga chaqirishini talab qildi.

Oradan bir muddat o‘tib Zelenskiy o‘zining Facebook sahifasida to‘rt soniyalik videolavha chiqardi. Unda prezident “Barcha 2005 yilda ishlangan “Zemlyane” filmini tomosha qilsin”, degan jumlani aytdi.

Mahalliy vaqt bilan taxminan soat 21:40 (23:40 Toshkent vaqti)larda avtobusni garovga olgan shaxs taslim bo‘ldi. Garovga olinganlar orasida jarohatlanganlar va vafot etganlar yo‘q.

Garovdagilar ozod qilinganidan so‘ng Zelenskiy barchani g‘alaba bilan tabrikladi va “dunyoning hech bir joyida terrorizmga o‘rin yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi. Garovdagilar ozod etilganidan keyin Prezident Facebook  sahifasida chop etgan video lavhani o‘chirib tashladi.

Ukraina IIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, avtobusni garovga olgan shaxs aqlan zaif bo‘lishi mumkin. “Uning xayoli joyida emas. U miyasida o‘zining olamini barpo etgan, u butun dunyodan o‘ch olish xayolini yaratgan...”, deb ta’kidladi Avakov.