Ukrainada saylov yakunlandi: Zelenskiy g‘alaba qozondi

Ukrainada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida ovoz berish jarayoni yakunlandi.

Milliy ekzitpol ma’lumotlariga ko‘ra, shoumen Vladimir Zelenskiy prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘ldi. Mahalliy vaqt bilan 18:00gacha (Toshkent vaqti bilan soat 20:00) o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, u 73,2 foiz ovoz olgan, saylovdagi ikkinchi nomzod, Ukrainaning amaldagi prezidenti Petro Poroshenkoni esa saylovchilarning 25,3 foizi qo‘llab-quvvatlagan.

Zelenskiy uchun hammadan ko‘proq Ukraina sharqidagi oblastlar ovoz bergan - Donbass atrofidagi hududlarda u 87,7 foiz ovoz olishga erishgan. Unga nisbatan kamroq ovoz mamlakat g‘arbida berilgan - 57 foiz. Poroshenkoni g‘arbdagi saylovchilar nisbatan yaxshiroq qo‘llab-quvvatlashgan - 41,3 foiz.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda davomat 63 foizni tashkil qildi. Dnepropetrovsk, Zaporoje va Poltava oblastlarida saylovchilar nisbatan faolroq bo‘lishdi.

Poroshenko Zelenskiyning g‘alabasini tan oldi. U ekzit-pol natijalari chiqqanidan keyin raqibiga qo‘ng‘iroq qilib, uni tabriklashini aytgan. «Men kelasi oydan mamlakat prezidenti lavozimini tark etaman. Ukrainaliklarning aksariyati shunday bo‘lishini xohladi va men ularning bu qarorini qabul qilaman», dedi Poroshenko.

Shu bilan birga, Poroshenko lavozimini tark etsa-da, siyosatdan ketmasligini, «Ukraina uchun kurashishda davom etishi»ni bildirib o‘tgan.