Ulgurji iste’molchilar, gaz tortuvchi “nasos” tarmoqdan uzilgach, Shirin mahallasida ta’minot yaxshilandi

Joriy yilning 16 dekabr kuni Zarnews.uz telegram kanalida e’lon qilingan “Gaz bosimining pastligidan qiynalyapmiz” sarlavhasi bilan Samarqand shahridagi Farhod qo‘rg‘oni, Shirin mahallasi aholisining murojaati e’lon qilindi.

Mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Masala bo‘yicha “Samarqandshahargaz” bo‘limi xodimlari tomonidan  o‘rganishlar olib borildi va hududda gaz ta’minotida muammolar borligi aniqlandi.

Haqiqatdan, havo haroratining keskin sovib ketishi, aholining tabiiy gaz mahsulotiga bo‘lgan talabi ikki-uch hissaga ortishi, aksariyat ko‘p qavatli uylardagi isitish tizimlarining ishlamasligi sababli Samarqand shahrining ayrim mahallalarida gaz tarmoqlarining so‘nggi nuqtalarida joylashgan xonadonlarda tabiiy gaz bosimining me’yordan pasayishi kuzatilmoqda. Mazkur muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “Samarqandshahargaz” bo‘limi tomonidan barcha choralar ko‘rilmoqda.

Farhod qo‘rg‘oni Shirin mahallasida tabiiy gaz bosimini yaxshilash maqsadida “Samarqandshahargaz” bo‘limi xodimlari tomonidan GTQ (gaz taqsimlash quti)lari va aholi gaz hisoblagichlari profilaktik nazoratdan o‘tkazildi. Hududda 2 ta qurilish materiallari ishlab chiqaradigan ulgurji iste’molchilar tarmoqdan uzildi. Bitta ulgurji iste’molchi tomonidan o‘rnatilgan katta hajmdagi gaz tortuvchi “nasos” aniqlanib, tarmoqdan kesib olindi. Ayni paytda Shirin mahallasida gaz ta’minoti yaxshilangan.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati.