Umrni qisqartiruvchi va uzaytiruvchi omillar
Mutaxassislarning fikricha, to‘laqonli uyqu salomatlikni saqlash va hayotni uzaytirishga yordam beradi.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari chekish va salomatlik boshqarmasi boshlig‘i Tim Makafining so‘zlariga ko‘ra, AQShda chekish erta o‘limning asosiy sababidir. Uning ta’kidlashicha, bu zararli odat ayollarning umrini o‘rtacha o‘n bir yilga, erkaklarnikini esa o‘n ikki yilga qisqartiradi.
Noto‘g‘ri ovqatlanish ham umr ko‘rish davomiyligiga salbiy ta’sir qiladi. Norvegiyalik diyetolog Lars Tor Fadnesning ta’kidlashicha, ratsiondagi yarim tayyor mahsulotlar yurak-qon tomir kasalliklari yoki saraton kasalligidan erta o‘lim xavfini oshiradi.
Norvegiyalik tadqiqotchi Trine Moxoldning fikricha, harakatsiz turmush tarzi ham umrni qisqartiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Muntazam jismoniy faollik yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini rivojlanish xavfini kamaytiradi. Hatto yosh «o‘tganda» ham mashg‘ulotlarni boshlasa, bu tana holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Jismoniy faollik uzoqroq va sog‘lom yashashga yordam beradi".
Amerikalik psixolog Mishel Drerupning ta’kidlashicha, uyqu qanchalik qisqa bo‘lsa, umr ham shunchalik qisqaroq bo‘ladi. «Odamlar ko‘pincha uyquni ahamiyatsiz deb o‘ylashadi va uyqu vaqtini turli mashg‘ulot yoki ish bilan o‘tkazishadi. Bu zararli. Tungi uyqu muhimligini tushuning va oqshom to‘liq uxlashga harakat qiling» deydi M.Drerup.
Avstraliya universiteti tadqiqotchisi Anjela Vud spirtli ichimliklarni iste’mol qilish ham erta o‘limga olib kelishini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘liqni saqlash uchun juda kam ichish yoki spirtli ichimliklardan butunlay voz kechish kerak. "Alkogol iste’molini kamaytirish nafaqat yurak xastaliklari xavfini kamaytiradi, balki boshqa xavfli kasalliklardan ham asrab, hayotni uzaytiradi", deb xulosa qildi u.
Yurak ishini yaxshilashning yoqimli usuli haqida Kardiolog Olga Savonina aytdi: kunduzgi qisqa uyqu umumiy salomatlikni yaxshilab, ayniqsa, yurak kasalliklarining oldini oladi.
G.Xoldorova tayyorladi.