Un nega qimmat bo‘ldi? Qishloq xo‘jalik vazirligi qator mahsulotlar narxi oshgani bo‘yicha asosiy sabablarni ma’lum qildi
Joriy yil yanvar-mart oylarida mamlakat oziq-ovqat mahsulotlari importining tarkibi 2021 yil importining tarkibiga nisbatan sezilarli darajada o‘zgargan. Xususan, margarin va o‘simlik yog‘i, go‘sht, kartoshka va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulushi ortgan.
Shunindek, import geografiyasi, mahsulot turlarining ulushi va hajmi ham nisbatan o‘zgargan bo‘lib, asosiy mahsulot import qilib olingan davlatlar ichida birinchi o‘ringa Qozog‘iston 309,7 million dollar, ikkinchi o‘ringa Rossiya Federatsiyasi 205,2 million dollar va uchinchi o‘ringa 97,5 million dollar hajm bilan Braziliya davlati chiqqan.
Tahlillarga tayanadigan bo‘lsak, mamlakat importining ortishiga quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatgan: birinchi omil – bu Rossiya Federatsiyasi va Belarus davlatlariga nisbatan Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yevroittifoq va boshqa rivojlangan davlatlar tomonidan qo‘llanilgan misli ko‘rilmagan iqtisodiy sanksiyalar jahon oziq-ovqat bozorida narxlarning va logistika tariflarini yuqori sur’atlarda o‘sganligidir.
2022 yil mart oyida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, oziq-ovqat narxlari oshish indeksi 159,3 punktni tashkil etib, fevral oyiga nisbatan 12,6 foizga va 2021 yil mart oyi indeksiga nisbatan 33,6 foizga yuqori bo‘lgan.
O‘zbekistonda 2022 yil 1-choragida 201,6 million dollarlik bug‘doy import qilingan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 43,9 foizga oshgan. Shu bilan birga, o‘tgan yilga nisbatan 88 ming tonnaga ko‘p bug‘doy import qilingan. O‘rtacha sotib olingan bug‘doy narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 128,7 foizga qimmat bo‘lgan.
Ikkinchi omil – bu O‘zbekiston Respublikasi tomonidan bir qator qo‘shni davlatlarga bug‘doy, un va o‘simlik yog‘i mahsulotlarini eksport va reeksport qilish hajmining o‘sishi hisoblanadi.
Xuddi shunday, un importi 28,8 million dollarni tashkil etgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 60 foizga oshgan. Sotib olingan unning o‘rtacha narxi 141,2 foizga yetganligi import qiymati oshishiga ta’sir ko‘rsatdi.
Un eksportining ta’siri ham bug‘doy va bug‘doy unining importiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi. Shu davrda 85,8 million dollarlik 270,9 ming tonna, o‘tgan yilga nisbatan 42,2 ming tonna yoki 118,5 foizga ko‘p bug‘doy uni eksport qilingan.
Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonga import qilingan unga nisbatan mamlakatimizdan eksport qilingan un hajmi 2,9 barobar ko‘p. Qolgan import qilingan mahsulotlar bo‘yicha ham ichki iste’molni oshganligi va ulardan tayyorlangan tayyor mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish hajmlarini ko‘payish tendensiyasi mavjudligi asosida ham tahlil qilish mumkin.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, oziq-ovqat mahsulotlari importining umumiy hajmi o‘sishiga o‘rtacha import narxlarining qimmatlashuvi qariyb 55-60 foiz darajasida ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, import qilingan mahsulotlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar eksporti hajmining o‘sishi 40-45 foiz ta’sir ko‘rsatganini ko‘rishimiz mumkin, deyiladi vazirlik xabarida.