Uranda minimal temperatura minus 224 gradusgacha tushib ketadi
Uran (yunonchadan - osmon xudosi) Quyosh tizimidagi yettinchi sayyora. Quyoshdan uzoqligi 2875,0 million kilometr, Quyosh atrofida aylanish davri 84 Yer yiliga teng. O‘z o‘qi atrofida aylanish davri 17 soat 14 minut. Massasi Yer massasidan 14,56 marta katta. Uranning 27 ta tabiiy yo‘ldoshi bor. Ularning yiriklari - Miranda, Ariyel, Umbriyel, Titaniya va Oberon nomlari bilan ataladi. Bularning ichida eng kattasi (diametri 789 kilometr) Titaniyadir. Uranning o‘z atrofida aylanish o‘qi Quyosh atrofida aylanish tekisligidan biroz pastga yo‘nalgan. Shu sababdan Quyosh atrofida aylanishida Quyoshga goh shimol tarafi bilan, goh esa janubiy tarafi bilan qaragan bo‘ladi. Shuningdek, uning har bir qutbi 42 yil qorong‘ilikda va 42 yil yorug‘likda joylashgan bo‘ladi.
Uranga osmondan qaralsa, u ko‘k bo‘lib ko‘rinadi. O‘lchami bo‘yicha Yerdan 61 marta katta. Quyosh sistemasidagi aksar sayyoralarning u yoki bu darajadagi aniq yo‘nalishga ega qutblari mavjud. Agar «yuqoridan» qaralsa, sayyoralarning ko‘pchiligi soat strelkasiga nisbatan qarama-qarshi yo‘nalishda aylanadi. Biroq Uran sayyorasi bundan mustasno bo‘lib, u xuddiki «yonboshlagan» holatda, ya’ni tepadan pastga harakatlanadi. Mavjud gipotezaga ko‘ra, juda qadimda Uran yirik kosmik ob’yekt bilan to‘qnashib ketgan va natijada sayyoraning o‘z o‘qi atrofida aylanishi shu qadar katta og‘ishga uchragan. Lekin Uranning hech bir tabiiy yo‘ldoshi u kabi «yonboshlab» olmagan, hamma yo‘ldoshlari boshqa osmon jismlari singari o‘z o‘qi atrofida, odatdagidek aylanadi.
Uran yo‘ldoshlarining aksariyati muz qotgan jinslardan iborat. Albatta, biz halqali sayyora deganda birinchi navbatda Saturnni bilamiz. Lekin halqalar Yupiter, Neptun va Uranda ham mavjud. Hozirgi paytda Uranning halqalari juda siyrak va deyarli sezilarsiz bo‘lib, u juda mayda muz va chang zarralaridan iborat. Lekin olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bundan 4,5 milliard yil muqaddam Quyosh sistemasi endi shakllanayotgan paytda uning halqalari ancha yirik va katta massali ob’yektlardan tuzilgan bo‘lgan. Uning siyrak atmosferasining 83 foizini molekulyar vodorod, 15 foizini azot va 2,3 foizini metan gazi tashkil etadi.
Quyosh tizimida Uran eng sovuq sayyora hisoblanadi. Unda minimal temperatura minus 224 gradusgacha tushib ketadi. Uran bulutlari murakkab qatlamli tuzilishga ega bo‘lib, uning yuqori qatlamini metan, quyi qatlamini esa suv egallagan bo‘ladi. Uran asosan muz va tog‘ jinslaridan iborat. Uran eng shamolli sayyoralardan biridir. Unda shamolning tezligi soatiga 900 kilometrga boradi. Uran amerikaliklarning «Voyadjer-2» kosmik apparati orqali juda yaqin masofadan o‘rganilgan.
Uran teleskopda topilgan birinchi sayyoradir. Uni 1781 yilda astronom Uilyam Gershel aniqlagan.
Mavsumlarning Uranda uzoq vaqt davom etishi uning o‘ziga xos orbitaga ega bo‘lishi bilan bog‘liq. «Voyadjer-2» kosmik apparati tomonidan Uranning janubiy yarim sharida Katta qora dog‘ (Yupiterdagi Katta qizil dog‘ga o‘xshash)ning borligi aniqlangan. Sayyora sirtidagi temperatura minus 220 gradusga yetsa, markazida esa 7000-7100 gradusgacha yetadi.
Internet materiallari asosida SamDU professori Ortiq PARDAYeV tayyorladi.