Urganchda ichida 2 yoshli qizcha bo‘lgan “Nexia” yonib ketdi

2 oktyabr kuni Urganch tumanida “Nexia”da yolg‘iz qoldirilgan, 2017 yilda tug‘ilgan qizaloq avtomobil yonib ketishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda davlat yong‘in xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Urganch shahridagi Shodlik ko‘chasi, 37-uyda yashovchi fuqaro D.G‘. 2017 yilda tug‘ilgan qiz nabirasi A.R. bilan “Alfa-omega transservis” MChJga tegishli bo‘lgan “Nexia” rusumli avtomobilida Chakkasholikor qishlog‘ida yashovchi tanishining uyiga borgan. D.G‘. avtomobilda nabirasini yolg‘iz qoldirgan holda tanishining uyiga kirib ketgan.

U taxminan 10 daqiqadan keyin qaytganida avtomobilda yong‘in chiqqaniga guvoh bo‘lgan. Yong‘in atrofdagi fuqarolar yordamida o‘chirilgan. Orqa o‘rindiqda qolib ketgan A.R. Urganch shahridagi bolalar shifoxonasiga olib borilgan. Qizaloq kuyish tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan.

Xabarda keltirilishicha, avtomobilning orqa o‘rindig‘ining 0,5 kvadrat metr maydoni yongan. Tuman prokuraturasi hodisa yuzasidan surishtiruv olib bormoqda. Yong‘in sababi aniqlanmoqda.