Urgut tumanida tadbirkor elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishi natijasida tizimga 778 mln. so‘m zarar yetkazgani ma’lum qilindi
- 22.07.2023 19:13
- 146
- Samarqand
Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, vazirlik huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda joylarda o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida Urgut tumanida faoliyat olib borayotgan “Agromir Buildings” MChJda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan.
Ushbu tadbirkor elektr qurilmalarini tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab 1,7 mln. kVt⋅soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelganligi va bu bilan elektr ta’minoti korxonasiga 778 mln. so‘m miqdorda zarar keltirganligi aniqlangan.
Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan. Nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Teglar:
Urgut tumani