Urgutda davlat zaxirasidagi yerni 25 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi
Viloyat prokuraturasi va IIB hamkorligida yer maydonlarining talon-toroj qilinishining oldini olish borasida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, fuqaro A.O. viloyat prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, fuqaro X.F. Urgut tumani, Ukrach mahallasi hududida joylashgan davlat zaxirasidagi 32 sotix bo‘sh yer maydonini 25 ming AQSh dollariga sotishga va 6 million so‘m evaziga tegishli hujjatlarni Davlat kadastrlar palatasi Urgut tuman filialida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishga ishontirib, pulni talab qilayotganligini bildirgan.
Mazkur arizaga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda X.F. arizachi A.O.dan talab qilgan puldan 180 million so‘m va 900 AQSh dollarini olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.