Urgutda ilk xususiy bog‘cha foydalanishga topshirildi
Tuman markazidagi Do‘stlik mahallasida ochilgan “Anorabegim” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi urgutlik tadbirkor Anvar Fazliyev tomonidan bunyod etildi.
Ikki milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan bog‘cha 80 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda bolalarning sog‘lom o‘sishi, ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Xonalar zamonaviy mebel va o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan. Bu yerda bolalarga rus va ingliz tillarida saboq beriladi. Ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida bolalarni bog‘chaga olib kelish va olib borib qo‘yish uchun tadbirkor tomonidan bitta “Damas” avtomashinasi ham ajratilgan.
– Ushbu muassasa tumanimizda tashkil etilgan ilk xususiy bog‘cha hisoblanadi, – deydi Urgut tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri H.Boboyeva. – Yaqin kunlarda yana ikkita shunday nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Umuman, bugungi kunda tumanda 45 ta davlat, 19 ta oilaviy, 6 ta davlat-xususiy sherikchilik asosidagi bog‘chalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu bog‘chalarda hozirda tuman bo‘yicha maktabgacha yoshdagi bolalarning qariyb 17 foizi qamrab olingan bo‘lsa, yil yakunigacha yangi muassasalar tashkil etish hisobiga qamrovni ellik foiziga yetkazishni rejalashtirganmiz. Buning uchun imkoniyat va sharoit yetarli. Ayni paytda tumanimizda yana 2 ta davlat, 6 ta oilaviy bog‘cha foydalanishga tayyor holatda turibdi.