Urgutda tungi klub oldida janjal: to‘plangan hujjatlar tergov organlariga topshirildi

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda bir guruh fuqarolar ishtirokida mushtlashuv sodir bo‘lgani aks etgan video tarqaldi.

Viloyat IIB axborot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu xunuk holat Urgut tumanida sodir bo‘lgan. 2022 yil 24 sentyabr kuni tumanning "Bahrin" mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan tungi klub oldida bir guruh shaxslar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelib, janjalga aylangan. Holat yuzasidan Urgut tumani ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga asosan IIB xodimlari hodisa joyiga yetib borgan. Tezda janjalning oldi olinib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Hodisa bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, hozirda to‘plangan hujjatlar qaror qabul qilish uchun tergov organlariga topshirilgan.