Urgutda Vena tibbiyot universiteti olimlari bilan hamkorlikda "Gul changi qopqonlari" qurilmasi o‘rnatildi

Urgut tumanini innovatsion hududga aylantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturida allergologiya sohasida aerobiologiya yo‘nalishini rivojlantirish maqsadida gul changi qopqonini o‘rnatish hamda viloyatda ko‘p uchraydigan allergiya qo‘zg‘atuvchilarning ma’lumotlar bazasini yaratish ham ko‘zda tutilgan.
Mazkur amaliy loyihaga innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 107 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
– Yilning mavsumiy vaqtlarida havoda ko‘p miqtorda allergen gul changlari bo‘ladi, – deydi Innovatsion rivojlanish vazirligining Urgut innovatsion hududi bo‘yicha mas’uli A.Norboyev. – Bahorda bu allergen gul changlari daraxtlarda, yozda esa turli xil o‘t-o‘simliklarda bo‘ladi. O‘t-o‘simliklarning allergen gul changlari bir necha yuz metrga, daraxtlarniki esa o‘nlab kilometrga yetadi. Vazirligimiz huzuridagi xalqaro molekulyar allergologiya markazi xodimlari allergen bo‘lgan gul changlarini prognoz qilish hamda bu ma’lumotlar asosida allergik kasalliklarning oldini olish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, markaz tomonidan Avstriyaning Vena tibbiyot universiteti olimlari bilan hamkorlikda Lanzoni kompaniyasining "Gul changi qopqonlari" ("VPPS 2010") yurtimizning turli hududlarida o‘rnatilgan. Bu uskuna orqali respublikamiz hududida aerobilogik tizimni tashkil qilish, eng ko‘p tarqalgan allergen qo‘zg‘atuvchilarni aniqlash va aeropolinologik monitoring tizimini yaratish maqsad qilingan. Ushbu qopqonlar 80 kilometr radiusda havodagi gul changlarini tutib qoladi.
Mazkur gul changi qopqoni Urgut tumani tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasi tom qismida ham o‘rnatilgan. Ushbu qurilma yordamida Samarqand viloyatining gul changi tarqalishi o‘rganiladi. Olingan ma’lumotlar asosida viloyatga xos bo‘lgan allergik kasalliklar va ularni qo‘zg‘atuvchilarini aniqlash monitoring tizimi yaratiladi. Gul changlarining ko‘payib borish sharoitiga qarab o‘simliklarning gullash kalendari ishlab chiqiladi.