Urgutda viloyat IIB rahbari va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi 

Urgut tumanidagi 154-umumta’lim maktabida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i — 3-sektor rahbari Rahmat Mamatov va yoshlar ishtirokida uchrashuv doirasida maxsus harbiy texnikalar, hunarmandchilik va rasmlar ko‘rgazmasi, sport musobaqalari, kitob taqdimoti va teatrlashtirilgan tomoshalar o‘rin oldi.

"Uchrashuv davomida probatsiya nazoratida turgan 5 nafar shaxsning doimiy ish bilan bandligi ta’minlandi, 5 nafar yoshlarga ID-kartalari topshirildi. Intizor Abdusattorovaga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat berildi.

Shuningdek, Dinara Xudoynazarova ichki ishlar yo‘nalishida tahsil olish istagi borligini bildirgan bo‘lsa, Rayhona Xursanova tikuvchilik faoliyatini boshlashi uchun kredit ajratishda, SamDU talabalaridan biri esa to‘lov-shartnoma pulini to‘lashda amaliy yordam berishni so‘radi. Murojaat va takliflar ijrosi nazoratga olindi. 

Tadbir davomida yoshlar tumandagi "Urgut" erkin iqtisodiy zonasida tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonalarida bo‘ldi, boshqarma boshlig‘i yoshlarga badiiy kitoblar jamlanmasi tuhfa etdi.

Uchrashuv so‘ngida yoshlar tomonidan tayyorlangan spektakl namoyish etildi", deya xabar bermoqda viloyat IIB axborot xizmati.