Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgutdagi maktab jamoasi internetda ota-onalarga qat’iy murojaat bilan chiqdi

Urgut tumanidagi 66-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi ijtimoiy tarmoqlar orqali ota-onalarga murojaat qilib, farzandlar taqdiri, kelajagi haqida jiddiy ogohlantirdi.

Ayrim ota-onalarning farzand ta’lim-tarbiyasiga, umuman, kelajagiga e’tiborsizlik holatlari murojaatning asosiy mazmunida o‘rin olgan. Mazkur murojaat nafaqat yuqoridagi maktabda farzandlari o‘qiydigan, balki har bir ota-onani ta’lim-tarbiya masalasida ogoh bo‘lishga undaydi.

«Biz, ustozlar aniq bilamizki, siz jondan aziz farzandlaringizni ilm olishi va tarbiyasini bizga ishonib topshirgansiz, biz bu mashaqqatli ishga jon-jahdimiz bilan kirishganmiz.

Ammo bola baribir ko‘proq uyda, oila davrasida bo‘ladi va u yerdagi muhit uning tarbiyasining asosi hisoblanadi. Bola har jihatdan ota-onasiga ko‘proq quloq soladi.

Afsuski ayrim ota-onalar farzandlari tarbiyasiga mutlaqo befarqlar! Loaqal bolani maktabga formada borishini ta’minlab berishni iloji bor-ku.

Bola istagan kiyimida maktabga kelaversa, o‘quv qurollari bo‘lmasa!.. Kitob-daftarsiz maktabga kelishdan nima naf? Bolaga darslik uyda saqlash uchun berilmaydiku. Uyda ham o‘sha kitoblarni o‘quv yili davomida biror marta ochib ko‘rmaydigan o‘quvchilarimiz bor. Axir, biz uy vazifalarini uyingizga borib tayyorlata olmaymiz-ku! Bu sizning vazifangiz emasmi, hurmatli ota-ona?!

Bolaning maktabda o‘zini tutishi, ustozlar, o‘rtoqlariga munosabati, og‘zidan chiqayotgan so‘zlari, bular hammasi oiladagi muhit, u yerdagi tarbiyaga bog‘liq emasmi? Ne-ne umidlar bilan o‘stirayotgan farzandingizni qanday inson bo‘lib ulg‘ayayotgani nahotki sizni mutlaqo qiziqtirmasa?! Bolani qornini to‘qlab, egnini butlab qo‘yish bilan cheklanmaydi-ku ota bilan onaning burchi!

Afsuski, ba’zi ota-onalar o‘zlarining vazifalari faqat shu deb o‘ylashadi. Holbuki, bulardan ham muhim, bulardan ham qiyin va bulardan ham asosiy vazifa ham bor, bu farzandning ma’naviy-axloqiy tarbiyasidir.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bunday marhamat qiladilar: “Ota-ona farzandiga yaxshi xulqdan ham ortiqroq narsa bera olmaydi”.

Demak, ota-ona farzandiga beradigan eng yaxshi narsasi qimmatbaho kiyim, yaxshi taom yoki ajoyib sovg‘a emas, balki go‘zal xulq va yaxshi tarbiyasi ekan. Chunki kiyim, taom yoki sovg‘a bolaga ma’lum vaqt foyda beradi, vaqt o‘tishi bilan esa eskiradi. Go‘zal xulq, yaxshi tarbiya esa farzandga umri davomida foyda beradi», deyiladi xatda.