Urgutdagi Quldortepada Xan sulolasi oynasi va Ukkurt Chamuk tangasi topildi

 

Olib borilgan arxeologik qazishma ishlari natijasida ibodatxona qoldiqlari, devoriy suratlar, archadan yasalgan ustun, qadimiy oyna va tangalar topildi.

 

- Quldortepa yodgorligi qadimda Xitoy manbalarida Mi yoki Mimoxe, arab-fors manbalarida esa Maymurg‘ nomi bilan tilga olingan rustoq markaz sifatida ma’lum bo‘lgan, - deydi Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov. - So‘nggi yillarda yodgorlikda O‘zbekiston, Yaponiya va Germaniya olimlarining hamkorlikda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida ilk o‘rta asrlarga oid ibodatxonaning sig‘inish xonasi, ustunli ayvon va yo‘lakli xonalar o‘rni ochib o‘rganildi.

 

 Eng muhim topilmalardan biri ibodatxonaning oldingi qurilish davriga oid xona devorlarida saqlanib qolgan suratlardir. Oq fon ustiga qizil va qora rangda ishlangan bu tasvirlarda geometrik naqshli friz bezaklari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, ibodatxonadan uzunligi 4,75 metrli archa ustun, Xitoyning Xan sulolasi davrida ishlab chiqilgan oyna hamda Sug‘d hukmdori Ukkurt Chamuk tangalari aniqlandi.

 

Ayni paytda Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari tomonidan topilgan devoriy suratlarni konservatsiya va restavratsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Tadqiqotchilar fikricha, Quldortepa topilmalari ilk o‘rta asrlarda Sug‘dda kechgan diniy jarayonlar, me’morchilik va madaniy an’analar haqida yangi va muhim ma’lumotlar beryapti.